So‘nggi yillarda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti olimlari tomonidan qariyb respublikaning barcha hududlarida tuproq tadqiqotlari olib borilib, tuproq unumdorligi va ekinlar hosildorligini oshirish bo‘yicha yerdan foydalanuvchilarga ilmiy asoslangan tavsiyalar taqdim etib kelinmoqda. Klasterlar va fermer xo‘jaliklari rahbarlarini tuproq tadqiqotlari natijalaridan xabardor etish maqsadida turli mavzularda ko‘rgazmali dala seminarlari tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri kuni kecha, institut olimlari tomonidan Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidagi “Malik” massivida o‘tkazildi. Paxta ekishga mo‘ljallangan dala maydonida tashkil etilgan ko‘rgazmali amaliy seminarda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish uchun tuproq tadqiqotlari natijalaridan foydalanish yo‘llari bo‘yicha fikr almashildi.
Unda tuproqshunos mutaxassislar tomonidan o‘tgan 2022-yilda Sirdaryo viloyat hududlarining barcha massivlarida agrokimyoviy kartogrammalar, sho‘rlanish xaritasi, tuproq sifatini baholash xaritalaridan to‘g‘ri va oqilona foydalanish borasida ko‘nikmalar berildi. Bu esa, joylardagi klasterlar va fermer xo‘jaliklarining tuproq tadqiqotlari natijalaridan foydalanish ko‘nikmasini oshirish bilan birga ekinlar hosildorligiga balki, tuproq unumdorligi, o‘g‘itlar sarfi va mahsulot sifatiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bunday seminarlarning davomi sifatida institutning yetuk malakali mutaxassislari tomonidan tuproq monitoringi tadqiqotlarini yuritish bo‘yicha dala tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Seminarda qayd etilishicha, institut ixtiyorida 3 ta mobil laboratoriya mavjud bo‘lib, ularning yordamida ilmiy xodimlar tuproq xususiyatlarini dala maydonlarining o‘zida tahlil qilishadi. Tahlil natijalari asosida yer egalariga kerakli tavsiyalar beriladi.
Mazkur laboratoriya institut tomonidan hududlarda fermer xo‘jaliklari, klasterlar va tomorqa yer egalariga tezkor tuproq xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan.
Mobil laboratoriyalarning statsionar laboratoriyalardan afzalligi shundaki, birinchidan dalaga chiqish va statsionar laboratoriyaga qaytish, tavsiyalarni fermerga yetkazib berish sarf-xarajatlari keskin kamayadi, ikkinchidan barcha kerakli tuproq tahlillari dalaning o‘zida bajariladi va tegishli amaliy tavsiyalar dala tuprog‘ining muayyan vaqtdagi holatiga asoslangan bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: