2023-yil 16-mart kuni Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida (IAU) “Meva yetishtirish: biznes va suv resurslarini boshqarish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Niderlandiya Qishloq xo‘jaligi, tabiat va oziq-ovqat sifati vazirligi, Jahon banki, IAU ko‘magida “Niderlands Fruit Solutions in Uzbekistan” konsorsiumi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarda Niderlandiya Qirolligining Markaziy Osiyodagi Favqulodda va muxtor elchisi Andre Karstens, “Agroservis operatori” DUK direktori Aziz Shukurov, Niderlandiya Qishloq xo‘jaligi, tabiat va oziq-ovqat sifati vazirligining maxsus elchisi Frederik Vossenaar, “Netherlands Fruit Solutions in Uzbekistan” konsorsiumi koordinatori Alfred Evers, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Munira Aminova, Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ul xodimlari, qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
Seminardan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston oldidagi dolzarb va strategik ahamiyatga ega masala – suv xo‘jaligi bo‘yicha Niderlandiya tajribasini o‘rganishdan iborat.
Mamlakatimiz geografik joylashuvi, suv resurslarining umumiy kamayishi, suv taqsimotidagi transchegaraviy muammolar va noratsional foydalanish muammolari tufayli qishloq xo‘jaligi uchun suvning keskin tanqisligini boshdan kechirmoqda.
“Har ikki davlat ham aholini xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha o‘zaro manfaatdordir. Hozirda Niderlandiya oziq-ovqat mahsulotlari eksporti bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Bu qishloq xo‘jaligimiz juda samarali ekanidan dalolatdir. Biz o‘z tajribamizni boshqa xalqlarga yetkazishimiz kerak. Bu borada O‘zbekiston ajoyib hamkor, chunki mamlakatingiz qishloq xo‘jaligi bo‘yicha juda qadimiy an’analarga ega, odamlar yerga ishlov berishni biladi. Sizda esa, biz kabi, suv bilan bog‘liq muammolar bor. Hosilni ko‘paytirish, hattoki mahsulotimizni qo‘shni davlatlarga eksport qilish uchun suvni ko‘proq tejashimiz kerak”, — dedi Niderlandiya Qirolligining Markaziy Osiyodagi Favqulodda va muxtor elchisi Andre Karstens.
Seminarda quyidagi mavzular muhokama qilindi:
Shuningdek, O‘zbekistonda meva yetishtirish salohiyati, mamlakatimizda meva-sabzavot yetishtirish sohasidagi siyosat va subsidiyalash tartiblariga alohida e’tibor qaratildi.
“Niderlandiya juda kichik davlat, ammo mahsulotlarining eksport hajmi katta. Biz uchun qo‘shma klaster yaratish, Gollandiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilish muhim. Fermer va tadbirkorlarimiz bilan bevosita hamkorlik qilish uchun aloqalar mavjud, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi agentlik investitsiyalar va xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Azamat Isayev o‘z nutqida.
Alfred Evers o‘z taqdimotida 2023-2026-yillarga mo‘ljallangan Samarqand, Farg‘ona, Toshkent shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar bilan tanishtirdi. Ular orasida qo‘shma mevali modulli fermer xo‘jaligi ham bor. Bundan tashqari, ma’ruzachi “Oltin uchburchak modeli” – K2K-G2G-B2B – kommunikatsiyalar orqali integratsiyalashgan axborot va savdo tashkiloti haqida gapirdi.
“Oltin uchburchak aslida sir. Niderlandiyaliklar qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda juda muvaffaqiyatli va bu bizda bir tomondan hukumat, ikkinchi tomondan ilmiy-tadqiqot institutlari va haqiqiy mahsulot ishlab chiqaruvchilar bilan ochiq hamkorlik o‘rnatilgani bilan bog‘liq. Shunday qilib, bu hamkorlik juda yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadi. Ushbu bog‘liqlik – «Oltin uchburchak»dir, – deya Alfred Evers sirni ochib berdi.
O‘zbekiston va Niderlandiya qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq an’ana va tarixga ega. Agro-oziq-ovqat mahsulotlari O‘zbekiston-Niderlandiya hamkorligining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. O‘zbekiston hukumati, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xususiy sektor bilan birgalikda xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida Niderlandiya O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishi mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: