Bugun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ning O‘zbekistondagi vakolatxonasida 21 mart – Navro‘z umumxalq bayrami va Xalqaro o‘rmonlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda vazirlik, idoralar, xalqaro tashkilotlar ishchi xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joiz, 2010-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 21 martni «Xalqaro Navro‘z kuni» deb e’lon qilib, ubu sanani nishonlayotgan a’zo davlatlarning bayram bilan bog‘liq madaniyat va an’analarni saqlash va rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Navro‘z BMT ning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti uchun alohida ahamiyatga ega, chunki qishloq xo‘jaligi mavjud bo‘lganidan beri nishonlab kelinayotgan qadimiy bayram bahor kelishi hamda qishloq xo‘jaligi ishlarining boshlanishini anglatadi.
Shuningdek, 21-mart sanasida yana bir muhim kun – Xalqaro o‘rmonlar kuni ham respublikamizda keng nishonlanadi. BMT bosh Assambleyasi tomonidan 2012 yilda barcha turdagi o‘rmonlarning ahamiyati to‘g‘risida keng jamoatchilik xabardorligini oshirish maqsadida har yili ushbu kunda mamlakatlarga obodonlashtirish va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha mahalliy, milliy va xalqaro tadbirlarni amalga oshirish taklif etiladi. Joriy yilgi Xalqaro o‘rmonlar kuni «O‘rmonlar va salomatlik». mavzusida nishonlanmoqda.
Tadbirda qayd etilishicha, o‘rmonlar, ularni barqaror boshqarish va resurslardan foydalanish iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, hozirgi va kelajak avlodlar istiqboli va farovonligiga hissa qo‘shishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan ushbu ikkita muhim sanani nishonlash doirasida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti O‘zbekistondagi vakolatxonasi bir qator hamkorlar bilan birgalikda ko‘chat ekish tadbirini ham tashkil etdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: