Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni takomillashtirishga innovatsion yondashuvlar” qo‘shma loyihasi bo‘yicha kirish seminari bo‘lib o‘tdi. Seminar maxsus qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni “yashil” usulida rivojlantirish bo‘yicha “Bir mamlakat – bir ustuvor mahsulot” (BMBM) global dasturini amalga oshirish doirasida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov, FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov, vazirlikning boshqarma boshliqlari, qishloq xo‘jaligi sohasidagi milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
BMBMning birinchi bosqich loyihalarini amalga oshirishda 70 dan ortiq ariza beruvchi davlatlar ishtirok etdi va beshta pilot davlat, jumladan, O‘zbekiston ham tanlab olindi. Natijada mamlakatimizda gilos yetishtirish keng yo‘lga qo‘yiladi. BMBMning pilot davlatlari keyinchalik keng tarqalgan yoki kam foydalaniladigan va shu bilan birga milliy, mintaqaviy va xalqaro bozorlarda ilgari surish imkoniyatiga ega bo‘lgan o‘z ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqish bo‘yicha o‘z tajribalari, innovatsiyalari va texnologiyalari bilan o‘rtoqlashadilar.
“Agroekologik sharoitlar butun mamlakat boʻylab mayda fermer xo‘jaliklariga kimyoviy moddalardan minimal foydalangan holda gilos yetishtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, gilos ko‘p tarmoqli va barqaror dehqonchilik tizimini, shuningdek agro‘rmonchilik va o‘rmon yaylovchiligini rivojlantirish imkonini beradi. Shunday qilib, gilos yashil va inklyuziv rivojlanish uchun katta imkoniyatlarga ega”, — dedi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbar o‘rinbosari Sherzod Umarov.
Shuni ta’kidlash kerakki, BMBMni amalga oshirish kichik fermerlarni qo‘llab-quvvatlaydi. BMBM biznes modeli kichik uy xo‘jaliklariga oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirishga yordam berishga, shu orqali daromadlarni oshirishga va pirovardida turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan. Tadbir davomida O‘zbekistonda loyihani amalga oshirish doirasidagi asosiy tadbirlar va kutilayotgan natijalar muhokama qilindi.
– Loyiha dasturida fermerlarni o‘qitish, yangi navlarni yaratish, yangi bog‘lar barpo etish kabilar mavjud. Respublikada 20 ming gektardan ortiq gilos bog‘lari mavjud. 2022-yilda bu bog‘larni yana 1,5 ming gektarga ko‘paytirib, 200 ming tonnadan ortiq gilos yetishtirdik. Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi oldida mahsulot eksporti va gilos eksporti geografiyasini oshirish vazifasi ham turibdi, – deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi bog‘dorchilik va uzumchilik boshqarmasi boshlig‘i Akmal Mirzayev.
Loyihani amalga oshirish muddati 2023-yil oxirigacha.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: