Bugun O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazir Aziz Voitov Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Olgan Bekar bilan uchrashdi. Unda Qishloq xo‘jaligi sohasida O‘zbekiston va Turkiya davlatlarining kelajakdagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Aziz Voitov yaqinda Turkiya viloyatlarida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani, katta talofatlar ko‘rilganini chuqur qayg‘u bilan yodga olar ekan, qardosh Turkiya xalqiga chuqur ta’ziya izhor etib, vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar yaqin sheriklik ruhida jadal suratlarda rivojlanmoqda. O‘zaro manfaatli hamkorlik barcha tarmoq va jabhalarni qamrab olgan, xususan, qishloq xo‘jaligi ham bundan mustasno emas.
Uchrashuvda Turkiyaning Qishloq xo‘jaligi ilmiy va siyosiy tadqiqotlar bosh boshqarmasi (TAGEM) bilan o‘simliklar genomikasi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, agrokimyo, tuproqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha turkiyalik mutaxassislarni jalb etish va yirik mevali bog‘lar yaratish hamda agrologistika tizimini yo‘lga qo‘yish borasida hamkorlik qilish, shuningdek, “TARSIM” qishloq xo‘jaligi sug‘urta tizimini yurtimizga joriy etgan holda agrosug‘urta tizimini yangi bosqichga olib chiqish borasida fikr almashildi.
Shuningdek, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) bilan parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirish, yem-xashak urug‘larini ishlab chiqarish bo‘yicha oilaviy kooperativlarni tashkil etish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Turkiyaning agrosanoat sohasini raqamlashtirish bo‘yicha boy tajribasini inobatga olgan holda, O‘zbekistonda raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma o‘quv markazini tashkil etish taklifi ham bildirildi.
O‘z o‘rnida elchi Olgan Bekar sinovli kunlarda O‘zbekiston qardosh Turkiyani tashlab qo‘ymasdan birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zganini, jumladan 700 tonna miqdorida gumanitar yordam yuborganini ta’kidlab o‘z minnnatdorchiligini bildirdi. U Turkiya tomoni qishloq xo‘jaligining barcha yo‘nalishlarida tajriba almashishga tayyor ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuv so‘ngida siyosiy-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport va importi hamda kooperatsiya yo‘nalishlariga ham e’tibor qaratib bu boradagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: