Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, vazirlik va idoralar mas’ullari hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilot va boshqarmalar mas’ullari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda yurtimizda agrar sohada shu kungacha olib borilayotgan ishlar, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, yig‘ilishda qishloq xo‘jaligidagi vazifalar ijrosini ta’minlashga davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarni so‘zsiz ijro etish bo‘yicha yaxlit tizim yaratish nuqtai-nazaridan yondashildi.
Jumladan, bugungi kunda paxtani yetishtirish va uni qayta ishlash bo‘yicha ish samaradorligini ta’minlash, bu jarayonda ishtirok etuvchi mutasaddilarning mas’uliyatini oshirish, shuningdek, kartoshka yetishtirish va urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish, bu borada yurtimizning turli hududlaridagi tuproqlar va iqlim sharoitlarini hisobga olish lozimligi ta’kidlandi. Xususan, mamlakatimizning tuproq-iqlim sharoiti kartoshka yetishtirish uchun qulay bo‘lsa-da, hanuzgacha mamlakatimiz aholisining iste’moli uchun mo‘ljallangan kartoshka hajmining ma’lum bir qismi xorijiy mamlakatlardan import qilinayotgani aytib o‘tildi. Buning yechimi sifatida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi qoshida 7 ta viloyat: Andijon, Jizzax, Qashqadaryo Namangan, Samarqand Toshkent va Farg‘ona viloyatlarining 18 ta hududida 900 gektarga yaqin maydonda kartoshka yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi elita urug‘chilik xo‘jaliklarini tashkil etish lozimligi belgilandi.
Shuningdek yig‘ilishda xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari va sarmoyadorlarni jalb qilgan holda viloyatlarda bog‘dorchilikni rivojlantirish, meva-sabzavot yetishtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va shok usulida muzlatish, quritish va qadoqlash majmualari va agrologistika markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifa sifatida tanlab olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: