Azaldan chorvachilik yetti xazinaning biri hisoblanadi. Ushbu xazinalar esa, jamiyatga manfaatli, xonadonlarga barakali va bardavomligi bilan ham qadrlidir. Shu bois ham mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida chorvachilikka ixtisoslashgan 104 ta fermer xo‘jaligi mavjud. Shundan naslchilik fermer xo‘jaliklari 15 tani tashkil etmoqda. Jumladan, tumanda faoliyat olib borayotgan “Oytamg‘ali Aliyeva” fermer xo‘jaligi ham naslchilikka ixtisoslashtirilgan.
Fermer xo‘jaligi 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 10 gektar yer maydoni ajratilgan edi. 2020-yilda bankdan olingan 816 mln so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘iga Germaniyadan 28 bosh naslli bo‘g‘oz g‘unajinlar olib kelindi.
Hozirda o‘sha olib kelingan g‘unajinlar soni ko‘payib, ularning soni 70 taga yetdi. Ushbu g‘unajinlarni mamlakatimizga olib kelish orqali chorva naslini yaxshilash, mahsuldorligini oshirish, aholini arzon go‘sht va sut bilan taʼminlash maqsad qilingan. Ushbu chorva mollari 500-600 kilogramm go‘sht, 30 litrgacha sut qilishi bilan ham afzalligini namoyon etmoqda. Buning uchun esa, albatta, g‘unajinlar chorva mollari isteʼmoliga mo‘ljallangan kuchli ozuqa birliklari bilan oziqlantirilishi lozim.
Bugungi kunda ushbu fermer xo‘jaligida 40 nafar ishchi doimiy ish bilan taʼminlangan. Rejalar esa bisyor. Fermer xo‘jaligi qoshida sutni qayta ishlash sexi barpo etish va doimiy ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish shular jumlasidan. Bu esa, fermer xo‘jaligining daromadini yanada oshirishga va imkoniyatlarining kengayishiga xizmat qiladi.
Fermer xo‘jaligi faoliyati va Germaniya davlatidan olib kelingan chorva mollarining mahsuldorligi haqida videolavhamiz orqali ham bilib olishingiz mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: