Yurtimizning tabiati o‘ziga xosligi bilan ma’lum. Qaerdadir suvli yer, qaydadir biyobon. Yaratganning marhamati deya, har bir qarichini asraymiz, undan unumli foydalanish bo‘yicha tadbirlar ko‘ramiz. Odatda, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini taraqqiy toptirishga albatta suv zarur deb hisoblaymiz. Bu haqiqat. Biroq cho‘llarimizchi? Mamlakatimizdagi yastanib yotgan cho‘llardan ham foydalanishimiz mumkinmi? Bugun bu savolga baralla -ha, deya javob qaytarishimiz mumkin. Birgina misol: Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani cho‘l hududi hisoblanadi.
Ayni cho‘lning o‘rtasida 2 ta yirik tabiiy suv havzalari: Sandiqli cho‘lida Sechanko‘l (maydoni-5014 ga) va Avaz cho‘lida Achinko‘l (maydoni-1800 ga) mavjud.
Mazkur ko‘llar 1987-1988-yillarda tabiiy holda vujudga kelgan. Bu ko‘llarda sazan, oq amur, laqqa, oq do‘ng peshona kabi turdagi baliqlar mavjudligi aniqlangan. Demak, mazkur baliqlarni bu ko‘llarda yetishtirsa bo‘ladi. Sanoat usulida ko‘paytirish ham davr talabi. Shu kunga qadar ko‘llardan yiliga ming tonna atrofida baliq ovlangan.
Davlatimiz rahbarining kuni kecha Qashqadaryoga amalga oshirgan tashriflari chog‘ida yiliga 5 ming tonna baliq yetishtirish tashabbusini aynan mana shu ko‘llarda amalga oshirish bo‘yicha aniq taklif berildi. O‘z navbatida Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov mazkur tashabbusni amalga oshirish yuzasidan tadbirkor va sarmoyador bilan joyiga chiqib muloqot qildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda yurtimizda tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratilib, tobora rivojlantirilmoqda. Prezidentimizning aholi turmush farovonligini oshirish yo‘lida tinim bilmasdan izlanish olib borayotganligi va viloyatlarga tashrifi aynan mana shu maqsadni ko‘zlaganligi bilan ham ahamiyatlidir. Davlatimiz rahbarining Qashqadaryoga qilgan tashrifida ham aynan mana shu masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirining Qashqadaryo viloyati tumanlaridagi uchrashuvlarida ham shu kungacha ishga solinmagan imkoniyatlar o‘rganib chiqildi va bildirilgan fikrlar asosida yangi loyihalarni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha aniq takliflar berildi. Shu jumladan, Sechanko‘l va Achinko‘ldan foydalanish bo‘yicha baliqchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda ham intensiv usulda baliqlarni yetishtirishni yo‘lga qo‘yish hamda 2 yil davomida uzluksiz ravishda baliq chavoqlarini yetishtirib, ko‘llarga tashlash orqali ko‘llardagi baliq sonini ko‘paytirish taklifi berildi.
Buning natijasida yillik baliq ovlash hajmini 3 ming tonnaga yetkazish orqali, 2 ming tonna baliq filesi, 1,5 ming tonna baliq uni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari ko‘llarning suvi, undagi moddalar va tuzlanish darajasidan kelib chiqib, avallari bu yerda yetishtirilmagan qisqichbaqasimonlar oilasiga mansub dengiz mahsulotlarini yetishtirish borasida ham aniq takliflar o‘rtaga tashlandi. Ochig‘i, shu kunga qadar mamlakatimizga qisqichbaqasimonlar oilasiga taalluqli mahsulotlar xorijdan olib kelinar edi. Agarda imkoniyat va salohiyatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, bu kabi manzillarda ushbu dengiz tansiq mahsulotlarini yetishitirish imkoni paydo bo‘ladi. Asosiysi bu qog‘oz va so‘zda emas, amalda va ayni yildan yo‘lga qo‘yilishi lozim vazifa deya qayd etilgani bilan ahamiyatlidir.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: