Xabaringiz bor, 2022-yil 21-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezidentimizning ushbu farmon hamda qarorida belgilangan ma’muriy islohotlar davlat boshqaruvini ixchamlashtirish va ularning samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan yangi tayinlangan vazir o‘rinbosarlari — Axadbek Xaydarov va Umid Mamadaminov, shuningdek, Dilshodbek Nazirov – Axborot siyosati masalalari bo‘yicha vazir maslahatchisi – matbuot kotibi hamda Irina Mirzayeva – Axborot-tahlil multimedia markazi rahbari sifatida tanishtirildi.
Axadbek Xaydarov tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Umid Mamadaminov mazkur tayinlovga qadar “EVERGREEN AGRICULTURE” MChJ QK direktori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Dilshodbek Nazirov mazkur tayinlovga qadar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston 24” teleradiokanalida faoliyat yuritgan. Uning muallifligidagi “Taraqqiyot formulasi”, “Qarama-qarshi” ko‘rsatuv hamda tok-shoulari jamoatchilik tomonidan e’tirof etib kelinadi.
Irina Mirzaeva tayinlovga qadar O‘zMTRKda badiiy ko‘rsatuvlar rejissyori, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi-matbuot kotibi, “Unicon.uz” DUK Axborot xizmati markazi rahbari lavozimlarida ishlagan.
Yakunda tizimda yangi faoliyat boshlagan barcha vazir o‘rinbosarlari, maslahatchilari kelgusida vazirlikning ixcham va samarali boshqaruv tizimida taraqqiyot tamoyili hamda rivojlangan davlatlar tendensiyalarini amalga oshirish, bir yoqadan bosh chiqarib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilishi ta’kidlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: