Rossiya delegatsiyasi O‘zbekistonda. Uning tarkibida Chelyabinsk viloyati gubernatori o‘rinbosari Sergey Sushkov, Chelyabinsk viloyati qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Inna Podshivalova, Janubiy Ural Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Sergey Ermakov, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish va logistika sohasi bilan shug‘ullanuvchi qator kompaniyalar rahbarlari bor.
Kecha mehmonlar poytaxtimizning Bektemir tumanida joylashgan “AGRO PRODEX GROUP” MChJga tashrif buyurishdi. Mazkur qishloq xo‘jaligi xoldingi (GDF)ning boshqaruv kompaniyasi uchta korxonani o‘z ichiga olgan. Ularning asosiy faoliyati quritilgan sabzavotlar va muzlatilgan mahsulotlar ishlab chiqarishdir. Bundan tashqari, ular ochiq va yopiq maydonda bog‘lar, sabzavot yetishtirish bilan shug‘ullanadilar.
“SITNO kompaniyasida 7 ming nafar kishi ishlaydi. Un, makaron, non, qandolat va sut mahsulotlari, parranda go‘shti, inkubatsiya va iste’mol uchun tuxumlar kabi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanamiz. Maqsadlarimizdan biri bu yerda hamkorlar topish va mahalliy bozorga chiqishdir. Ushbu korxonaga tashrif buyurib, biz Rossiyaga qanday qo‘shimcha mahsulotlar olib kelish mumkinligini ham ko‘rmoqchi edik. Iste’molchilarni sabzavot va mevalar bilan ta’minlaydigan o‘z tarmog‘imiz bor. Rossiya oʻzini ayrim oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻliq taʼminlamayotganini hisobga olsak, Oʻzbekiston bozori va bu zaminda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar biz uchun juda qiziq. Logistikaga kelsak, Chelyabinsk viloyati Qozog‘iston bilan chegaradosh va bu yuklarni tashish nuqtai nazaridan juda qulay”, — dedi SITNO (Rossiya) bosh direktori Pavel Juravskiy.
Delegatsiya aʼzolariga korxona faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Jumladan, mehmonlar quritilgan sabzavot va giyohlar ishlab chiqarish sexi bilan tanishishdi. U Xitoy, Turkiya, Germaniya va Belgiya yetakchi ishlab chiqaruvchilarining zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan. Agroxolding korxonasi brokkoli, rukkola, salat va boshqa noan’anaviy ekinlarni yetishtirishda viloyatimizda yetakchi ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, kompaniya taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda mehmonlarning mahsulotlar tannarxi, turlari, logistika imkoniyatlari va boshqa ko‘plab savollariga kompaniya vakillari javob berdilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: