O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti 1933-yilda Respublika Sabzavotchilik stansiyasi negizida tashkil etilgan. Ushbu 90 yillik faoliyati davomida institut olimlari tomonidan respublikamizda ekib kelinayotgan 220 dan ortiq sabzavot, poliz va kartoshka navlari yaratildi. Ushbu navlarning 170 dan ortig‘i Davlat Reestriga kiritildi.
Bugungi kunda ilmiy-tadqiqot institutida 14 ta laboratoriya mavjud. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutining 9 ta tajriba ilmiy stansiyasi faoliyat olib bormoqda. Yevropa Ittifoqining ko‘magi tufayli institut laboratoriyalari zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi.
Mazkur jihozlardan to‘g‘ri foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida olimlar va soha mutaxassislari ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurishib, o‘zlarining kerakli maslahat va tavsiyalarini berishdi.
Ayni paytda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida hozirda 50 dan ortiq texnikalar, 400 tonna sig‘imga ega bo‘lgan muzlatkich, zamonaviy in-vitro va biotexnologiya laboratoriyalari mavjud bo‘lib, bular 4 ta ilmiy-tajriba stansiyalariga taqsimlangan.
Bu laboratoryialarda sabzavot-poliz ekinlari seleksiyasi, sabzavot va poliz ekinlari urug‘chiligi, kartoshka seleksiyasi va urug‘chiligi, agrokimyo va mahsulot sifati, sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari agrotexnologiyasi, issiqxona sabzavotchiligi, o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish kabi yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib borish mumkin.
Ushbu laboratoriyalardagi amaliyotlar orqali yurtimizda faoliyat olib borayotgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va klasterlarga xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Laboratoriyalar tuproqning tahlili, uning tarkibidagi mineral moddalar, mevaning tarkibidagi moddalarni aniqlashga mo‘ljallangan.
Yangi laboratoriya jihozlari orqali yetishtiriladigan mahsulotlarda uzoq yillar cho‘zilgan seleksiya jarayonlarini qisqartirish imkoniyati yaratildi. Anʼanaviy seleksiya jarayoni 8-10 yil davom etsa, bu laboratoriya jihozlari orqali bu jarayon 3-4 yilga qisqartirildi.
Eʼtiborlisi, 2022-yilda ilmiy-tadqiqot instituti va uning filiallariga olib kelingan jihozlar, laboratoriya asbob-uskunalarida bajarilgan amaliyotlar natijasida 2023-yilda institut tomonidan yaratilgan 12 ta yangi navlar Davlat Reestriga kiritildi. Ushbu navlar ertapisharligi, kasalliklarga chidamliligi va yuqori hosildorligi bilan ajralib turadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: