Bugun, 2023-yil 15-fevral kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining “Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi samaradorligini barqaror rivojlantirish uchun qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish” mavzusida videokonferensiya shaklidagi oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO hamkorligida videokonferensaloqa tizimida tashkil etilgan tadbirda: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, Qirg‘iziston Respublikasi Qishloq, suv xo‘jaligi va mintaqaviy rivojlanish vaziri Asqarbek Djanibekov, Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Erbol Karashukeev, Tojikiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Qurbon Hakimzoda, Turkmaniston qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Allanur Altiyev, shuningdek, BMT agentliklari va xalqaro moliya institutlarining mintaqaviy vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad:
Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov oʻz nutqida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligidagi ishlarning holati, liberallashtirish va iqtisodiyotda davlat aralashuvini kamaytirish haqida gapirdi.
U bugungi kunda qishloq xo‘jaligi tarmog‘i O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tayanchi ekanligini ta’kidladi. O‘tgan yili sohаning yalpi ichki mahsulotga qo‘shgan hissasi 25 foizni tashkil etdi. Bu tarmoqda 3,6 millionga yaqin kishi band. Mamlakat aholisining 49 foizi qishloqlarda yashaydi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish omillaridan biri boʻlib, yalpi ichki mahsulot oʻsish surʼatining bir foiz punktini taʼminlaydi.
Aziz Voitov shuningdek, asosiy ishlab chiqarish fondlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, qo‘shimcha qiymat zanjirini uzaytirish zarurligi haqida gapirdi.
Vazir bugungi kunda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining 70 foizi shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarida yetishtirilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, imtiyozli moliyalashtirish dasturlari xotin-qizlar, yoshlar va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari o‘rtasida tadbirkorlikni faol rag‘batlantirayotganini aytib o‘tdi.
Aziz Voitovning qayd etishicha, keskin kontinental iqlim sharoiti, narxlarning kuchli o‘zgarishi va sug‘urta bozorining yetarlicha rivojlanmaganligi sababli qishloq xo‘jaligini kreditlashning yuqori risklari tijorat banklarini umuman qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni moliyalashtirishdan to‘xtatmoqda.
Shu munosabat bilan u banklarning moliyaviy oqimlaridan adolatli foydalanish va taqsimlashning yangi mexanizmlari va usullarini rivojlantirish, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va tashqi ta’sirlarga uzoq muddatli chidamlilikni oshirish maqsadida qishloq xo‘jaligi salohiyatiga va iqlimga moslashtirilgan texnologiyalarga “yashil” investitsiyalarni ko‘paytirishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan umumiy qiymati 2,5 mlrd dollarlik 11 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
– Ushbu tadbir bizning hamjihatligimiz va mamlakatlarimizning oziq-ovqat xavfsizligi manfaati yo‘lida qishloq xo‘jaligi sohasini birgalikda rivojlantirishga Markaziy Osiyo davlatlari tayyor ekanining yorqin ifodasi bo‘lganini alohida ta’kidlamoqchiman. Fursatdan foydalanib, Markaziy Osiyo davlatlaridagi hamkasblar va mutaxassislarni joriy yilning aprel oyida qadimiy Xorazm shahrida tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan mintaqaviy anjumanda ishtirok etishga taklif etaman. Bu mavzu ham Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar uchun juda dolzarb”, – dedi Aziz Voitov yakuniy nutqida.
Yig‘ilishda Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xo‘jaligini subsidiyalash va investitsiyalashning mavjud modellari muhokama qilindi. Davlat va xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi, sug‘urta choralari va lizing haqida gapirildi.
Shuningdek, tadbirda 2023-yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik haqida ham so‘z yuritildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: