Bugun buyuk shoir, faylasuf, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi nishonlanmoqda.
Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat mashhur sarkarda va donishmand hukmdor, balki boy adabiy va ilmiy meros qoldirgan olim, shoir sifatida ham tarixga kirdi.
U harb yurishlarida ko‘p vaqt o‘tkazganiga qaramay, she’riyat hayotining ajralmas qismi bo‘lgan. Boburning qalamiga mansub g‘azallarni bugungi kungacha ko‘pchilik sevib o‘qiydi.
Jahon adabiyotidagi eng mashhur asarlardan biri – “Bobur-noma” uning qalamiga mansub. Bu kitobda shoir butun umri davomida saqlagan yozuvlarini jamlagan. Unda nafaqat turli tarixiy faktlar, balki o‘sha davrning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy asoslari, tabiati, geografiyasi haqidagi noyob ma’lumotlar ham mavjud.
“Bobur-noma”da Zahiriddin Muhammad Bobur borgan mamlakatlarning o‘simlik va hayvonot dunyosi ham o‘z aksini topgan. U, xususan, tog‘lar, daryolar, o‘rmonlar, o‘simliklar haqida batafsil hikoya qiladi.
Hindistondagi Buyuk imperiyaning asoschisi Zahiriddin Muhammad Boburning sevimli mashg‘ulotlaridan yana biri bog‘ yaratish edi. Kobulni qo‘lga kiritgach, bu yerda o‘ndan ortiq bog‘lar yaratgan.
U qaerda bo‘lmasin qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ham alohida e’tibor bergan. Jumladan Hindistonda birinchi marta O‘rta Osiyo qovun va uzumlarini yetishtirib ko‘rdi. Hindistonda hali ham uzumning “Anguri Samarqandi”, ya’ni “Samarqand uzumi” navi yetishtiriladi.
Vatandan ayro tushgan qalblarda yurt sog‘inchi kuchli bo‘ladi. Shoir qalbida esa bu sog‘inch yanada tug‘yonli kechadi. Shuning uchun yurtdan ayro tushgan Bobur she’riyatida Vatan va yurtga muhabbat mavzui yetakchi o‘rin tutadi. Bir safar uning tug‘ilib o‘sgan ona yurtidan keltirilgan qovunni kesar ekan, qalbidagi vatan sog‘inchi kuchliligidan ko‘zlariga yosh keladi. Shundan so‘ng Bobur Agrada qovun yetishtirib ko‘rishga qaror qiladi. U Balxdan qovun urug‘ini jo‘natishni buyuradi va keltirilgan urug‘larni Adan bog‘iga ekib, pishib yetilgach: “…Hindustonda shunday qovunlar, uzumlar paydo bo‘lganidan juda xursand bo‘ldim”, — deydi.
Shuningdek, u Hindistonda keng tarqalgan sug‘orish tizimlarini batafsil tasvirlab beradi. Jelum yaqinidagi bog‘larda Bobur birinchi bo‘lib fors g‘ildiragini ko‘radi. Bu haqda u shunday yozadi: “Biz suv olish uchun mo‘ljallangan chelakli g‘ildirakni ko‘rdik va suv olishlariga buyruq berdik. Xizmatkorlar ishga kirishdilar. Qayta-qayta suv olishni buyurdik. Yosh daraxtlarga suv chelaklar va g‘ildiraklar yordamida beriladi. Daraxtlar ikki yoki uch yil davomida doimiy ravishda sug‘oriladi. Shuningdek, ayrim sabzavotlar ham shunday holatda doimiy sug‘oriladi”.
“Boburnoma”da XVI asr boshlaridagi Hindistonning o‘simlik dunyosi haqida ishonchli ma’lumotlar mavjud. Shu bois, Bobur tuzgan mevali va manzarali o‘simliklar ro‘yxati bugungi kunda ham katta ahamiyatga ega. U bir qator mahalliy manzarali o‘simliklarning go‘zalligini batafsil bayon qiladi. Xushbo‘y fors atirgulini Hindistonga birinchi bo‘lib Bobur olib kelgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan xurmo va Hindiston yong‘og‘i palmalari haqidagi ma’lumotlar zamonaviy botanik va bog‘bonlar, tropik ekinlarni o‘rganuvchi mutaxassislarda ham katta qiziqish uyg‘otadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: