2023-yilning 13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida Qirg‘iz Respublikasining maslahat xizmatlari delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad – mamlakatlarimizda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish sohasida tajriba almashishdan iborat.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazi direktori Saidag‘zam Alimov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Izzatilla Ikramov va vazirlikning boshqa vakillari, Qirg‘iziston Respublikasi maslahat xizmatlari, kooperativlar rahbarlari va agrar soha ilmiy tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Mehmonlar mamlakatimizda ishlab chiqilayotgan yagona integratsiya platformasi tarkibiga kiruvchi geoaxborot – axborot tizimlari bilan tanishtirildi. Respublika bo‘ylab qishloq xo‘jaligi yerlari va ekinlarining joylashuvi va holati, tuproq ma’lumotlari, sug‘orish tarmoqlari va boshqalar to‘g‘risidagi fazoviy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan Geografik axborot tizimining onlayn namoyishi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi – tizimlashtirish, qarorlar qabul qilish samaradorligini oshirish uchun olingan ma’lumotlarni monitoring qilish va ulardan foydalanishdan iborat.
Bundan tashqari E-IJARA tizimi haqida ham so‘z bordi. Ushbu avtomatlashtirilgan axborot tizimi qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish va vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish uchun moʻljallangan. Mazkur tizimning joriy etilishi tufayli mamlakatimizda dehqon va fermer xo‘jaliklariga ochiq elektron auksionlar asosida yer uchastkalarini berishning shaffof tizimi yaratildi.
Shuningdek, ochiq elektron auksionlar g‘oliblarini aniqlashning amaldagi mexanizmi ham ko‘rib chiqilmoqda. Tegishli ro‘yxatlarga kiritilgan ehtiyojmand oilalar, shuningdek, bo‘sh yerlar joylashgan hududlarda yashovchi aholini ish bilan ta’minlash uchun katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Ushbu tizim yer uchastkalarini ijaraga olish uchastkalarini tayyorlash jarayonini tezkor nazorat qilish imkonini beradi va integratsiya orqali barcha zarur hujjatlarni olishni osonlashtiradi.
Tadbir so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari Qirg‘iziston Respublikasidan kelgan hamkasblarini mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirishga oid qiziqtirgan savollariga javob berdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: