Eng chiroyli va xushbo‘y gul — atirgul barchaga birdek sevimli. U qanday ekiladi, yetishtiriladi? «Gul yetishtiruvchilar uyushmasi» Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumani bo‘limi xodimi Odil Qodirov va Uyushma eksperti Soner Kazaz ushbu mavzuda o‘z tavsiyalarini taqdim etishdi.
Tavsiya etilgan navlar. Gulzorlarda, xonadonlarda atirgulning “Qora magiya”, “Papilon”, “Burgun”, “Salvidor”, “Kulin Yelezaveta”, “Moskovskiy”, “Prezident”, “Anjelika” kabi navlarini yetishtirish tavsiya etiladi.
Atirgul yetishtirishning ikki xil usuli bor: payvandlash orqali ko‘chatini tayyorlash hamda tayyor ko‘chatini yerga ekish.
Ruknimizda har ikki usulni ham tushuntirib o‘tamiz.
Ko‘chat tayyorlash. Yoz faslida to‘liq pishmagan naʼmatak mevalari terib olinadi va uning urug‘lari o‘radagi qumga aralashtirilib, ko‘mib qo‘yiladi. 15-20 kundan keyin ko‘milgan urug‘lar kavlab olinadi va quritiladi. Naʼmatakning urug‘lari yovvoyi atirgul urug‘lari hisoblanadi. Noyabr oyida ushbu quritilgan naʼmatak urug‘lari nam qumga yana ko‘miladi. Mart oyining boshlarida urug‘lar qumdan kavlab olinadi va tayyorlangan tuproqqa sepiladi. Ushbu urug‘lar 20-25 kunda unib chiqadi. May oyida yagana qilinadi.
Iyyul oyining o‘rtalaridan avgust oyining o‘rtalarigacha atirgulning sog‘lom, kurtakli novdasi 40 daraja qiyalikda kesib olinadi va naʼmatak tanasiga payvand qilinadi. Ushbu payvanddan 20-22 kundan so‘ng kurtak chiqadi. U asta-sekin rivojlanib, shoxga aylanadi va 9-10 oydan keyin ilk bor gullaydi.
Ekish. Atirgullarni ekishning eng maqbul payti bahor faslidir. Ekish oldidan atirgulning ildizlari tekshiriladi, singan va titilgan ildizlar kesib tashlanadi. Sog‘lom ildizlar loy va qoramol axlatidan tayyorlangan suyuqlikka botirib olinadi.
Gul ko‘chatini ekish uchun eni 30×30 sm, chuqurligi 30 sm bo‘lgan chuqur kavlanadi. O‘simlik o‘tqaziladigan kuni chuqurga 6-8 kg chirigan go‘ngni tuproqqa aralashtirib solinadi. Ko‘chat o‘tqazishdan oldin chuqur suv bilan to‘ldiriladi. Keyin ko‘chatning payvand qilingan tarafini kun chiqish tomonga qaratib 3–4 sm chuqurlikda o‘tqaziladi. Payvand qilingan qismi yer yuzasidan 45–50 sm tepada bo‘lishi lozim. Uzun shoxlarini 4-6 ta kurtak qoldirib, kalta qilinadi.
O‘g‘itlash. Atirgul ko‘chatlari asosan mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi.
Sug‘orish. Naʼmatak unib chiqqandan keyin u har 10 kunda 2–3 marotaba sug‘oriladi. Unga atirgul kurtagi payvand qilingandan so‘ng tagidan nam arimasligi kerak. Ko‘chat hafta davomida 1 marta sug‘orilib turiladi.
Agrotexnika tadbirlari to‘g‘ri va o‘z vaqtida olib borilsa, bir tup atirguldan 8-12 donagacha gul olish mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: