2022-yil 11-dekabr kuni “O‘zekspomarkaz”da O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, agrar va oziq-ovqat masalalari bo‘yicha kompleks rahbari Shuhrat G‘aniyev, qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, “O‘zbekiston-KOPIA” markazi (Koreya Respublikasi) professori Ox Xi Sоng, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasi rahbarlari, mutaxassislari, fermerlar, dehqonlar, tadbirkorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga oid turli mavzularda agrar soha vakillarining davra suhbatlari va uchrashuvlari tashkil etildi. Shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilayotgan turli xil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazma va yarmarkalarida respublikamizning har bir viloyatidan olib kelingan mahsulotlar namoyish etildi.
Tematik panel sessiyalar to‘rtta yo‘nalishda o‘tkazildi.
Jumladan, qishloq xo‘jaligi korxonalari va moliyaviy institutlarning samarali hamkorligi masalalari muhokama qilindi, ushbu yo‘nalishda agrar sohani moliyalashtirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalari axboroti va statistikasini to‘g‘ri olib borilishini muvofiqlashtirish, hududlarda klasterlar, fermerlar va dehqon xo‘jaliklariga qulay shart-sharoitlar yaratish, Xalqaro moliya institutlarining kredit va xorijiy grant mablag‘lari bilan ishlash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda va tadbir doirasida bu masalalarga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, oziq-ovqat sanoatida yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishdagi tendensiyalar masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Agrar va oziq-ovqat sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash hajmlarini oshirish va agrologistika infratuzilmasini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, eksporti va karantin masalalari hamda xalqaro standartlardan foydalanish imkoniyatlari to‘g‘risida mutaxassislar tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Keyin esa tadbir doirasida yer va suv resurslari samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda yerlarni o‘zlashtirish, tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish, aholiga yerlarni ajratish orqali bandligi va barqaror daromad olishini taʼminlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish samaradorligi va qishloq xo‘jaligida energiya tejamkor texnologiyalardan samarali foydalanish masalalari to‘g‘risida maʼruzalar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qishloq xo‘jaligidagi zamonaviy texnologiyalar masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, hududlar tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, innovatsion yechimlar asosida yangi urug‘lik turlarini yaratish, sohada zamonaviy energiya tejamkor texnikalarni qo‘llashni kengashtirish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida maʼruzalar va muhokamalar bo‘ldi.
Tadbirda mutaxassislar va ekspertlar ishtirokidagi davra suhbatlari, yurtimizning barcha hududlaridan keltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda sohaga tatbiq etilayotgan innovatsion texnologiyalarning ko‘rgazmalari tashkil etildi. Shuningdek, B2B, B2G, B2S formatida ikki tomonlama uchrashuvlar ham tashkillashtirildi.
Ma’lumot uchun
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda iqtisodiyotimizning muhim tarmog‘i – agrar sohani isloh qilish va xalqimiz turmush tarzining farovonligini taʼminlash asosiy vazifalardan etib belgilangan. Shundan kelib chiqib, respublikamizda fidokorona mehnat qilayotgan qishloq xo‘jaligi xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish borasida keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-yilda “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasida mazkur sana va “Hosil bayrami” mamlakatimizda keng miqyosda nishonlanib kelinmoqda.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorida 4,2 mln kishi faoliyat yuritmoqda. Ularning aksariyati sohaning turli yo‘nalishlarida: agroklasterlar va kooperatsiyalar, fermer va dehqon xo‘jaliklarida fidokorona mehnat qilmoqdalar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: