2022-yil 3-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov vazirlikning hududiy boshqarmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yosh davlat fuqarolik xizmatchilari, ilmiy xodimlar hamda oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Vazir va yoshlar” shiori ostida o‘tgan mazkur uchrashuvda Aziz Voitov yoshlarning muammo va takliflariga quloq tutdi, ularning bir nechtasini hal etish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, vazirlik tizimidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish zarurligini taʼkidladi. Shu joyning o‘zida faol yoshlarni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
“Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi bilan hamohang amalga oshirilayotgan “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi”da ko‘zlangan maqsadlarga erishish hamda agrar sohaning strategik rivojlanishi uchun birinchi navbatda chuqur bilimli, keng dunyoqarashli, kreativ va tizimli fikrlaydigan, mavjud muammolar yechimiga noanʼanaviy yondashadigan fidoyi va jonkuyar yoshlarimiz kerak. Orangizda mana shunday shijoatli yoshlar borligiga ishonchim komil. Kelgusida vazirlik yoshlar bilan mutlaqo yangi yo‘nalishlar asosida birga ishlashni reja qilgan”, – dedi Aziz Voitov hamda yaqin kelajakda vazirlikning aynan yoshlarga doir rejalarini sanab o‘tdi.
Bugungi kunda vazirlik markaziy apparati va uning tizim tashkilotlari hamda hududiy bo‘linmalari boshqaruv apparatlarida faoliyat yuritayotgan 35 yoshgacha bo‘lgan jami xodimlar soni 3 152 nafarni tashkil qiladi.
Ularning 110 nafari vazirlik markaziy apparati, 1 441 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar Qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, tuman bo‘limlari, 1 081 nafari vazirlik tizimidagi tashkilotlar hamda 520 nafari oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat yuritayotgan yoshlar hisoblanadi. Shu tariqa vazirlik tizimidagi yosh xodimlarning ulushi 38 foizni tashkil etmoqda.
Ilmiy – pedagog xodimlar tarkibida yosh olimlar salmog‘ini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida 35 yoshgacha bo‘lgan yosh ilmiy izlanuvchilar 200 nafardan ortiq.
Vazirlik tizimidagi oliy taʼlim muassasalari faoliyati ham eʼtirofga loyiq. Xalqaro reytinglarda agrar oliygohlar yuqori o‘rinlarga munosib deb topilmoqda. Xususan, 2022-yilda Toshkent davlat agrar universiteti dunyoning nufuzli Times Higher Education IMPACT RANKINGS xalqaro reytingida munosib o‘rin egalladi.
Bundan tashqari, isteʼdodli yoshlarning 4 nafari Prezident stipendiyasi, 26 nafari Islom Karimov, Beruniy, Alisher Navoiy va boshqa nomdor davlat stipendiya sohiblari bo‘lishdi, 30 dan ziyod talabalar xalqaro va milliy tanlovlar g‘oliblariga aylanishdi.
Uchrashuv do‘stona muhitda, chindanda samimiy ruhiyatda bo‘lib o‘tdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: