O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazir Aziz Voitovning Turkiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti prezidenti Muhammed Adak bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida agrar sohadagi hamkorlik O‘zbekiston-Turkiya uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanishi hamda bu boradagi ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish yo‘lida alohida ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Turkiyaning qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash maqsadida, raqamlashtirish bo‘yicha Qo‘shma o‘quv markazini tashkil etish taklifi bildirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Turkiyaning yerni masofadan zondlash kosmik apparatlari va geoaxborot texnologiyalari yordamida ekinlarni joylashtirish va tuproq holatini kuzatish bo‘yicha qo‘shma loyihalarini amalga oshirishga tayyorligi qayd etildi.
Urug‘chilik sohasida Turkiyaning “TURKTOB” urug‘ yetishtiruvchilar uyushmasi mutaxassislari ishtirokida qo‘shma urug‘chilik loyihalarini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ilm-fan aloqalarini mustahkamlash maqsadida Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va siyosati bosh boshqarmasining (TAGEM) mamlakatimizdagi mintaqaviy vakolatxonasini ochish rejalashtirilayotganligi maʼlum qilindi.
Muloqot davomida respublikamizdagi qishloq hududlarini rivojlantirish sohasida davlat boshqaruvi tizimi, qishloq mahallalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va manfaatlarini himoya qilish maqsadida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha Turkiyaning boy tajribasidan foydalanish muhim ekanligi eʼtirof etildi.
O‘z navbatida Aziz Voitov tomonidan respublikamizdagi qishloqlarning birini tajriba tariqasida rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifi berildi.
Maʼlumot uchun
Turkiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi va qishloqhududlarinirivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti (TKDK) (2007-yili tuzilgan) – Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi huzuridagi tashkilot bo‘lib, qishloq hududlarini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, qishloq joylarida kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi. Shu maqsadda loyihalar uchun grant mablag‘larini ajratadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: