Suv xo‘jaligi vazirligida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining yashil iqtisodiyotga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish” mavzusidagi seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Alisher To‘rayev, BMTTD loyihasi xodimlari, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mehanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy Tadqiqot Universiteti, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyat hokimliklari va u yerda faoliyat olib boruvchi AKIS agroxizmatlar markazlari hamda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib boruvchi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlarining soha mutaxassislari va NNTlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining sug‘orish texnologiyalari va texnikasi, gidrotexnika va melioratsiyada gidrodinamika jarayonlarini modellashtirish va Meliorativ texnika va mexanizmlar laboratoriyasi hamda Saniplast korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan tomchilatib sug‘orish tizimlarini ko‘zdan kechirishdi.
“Global iqlim o‘zgarishi natijasida so‘nggi yillarda suv tanqisligi va ichki irrigatsiya tarmoqlarining asosiy qismi yaroqsiz holatga kelganligi sabab, sug‘oriladigan ekin yerlarining meliorativ holati yomonlashib bormoqda. Buning oqibatida fermer va dehqonlar suv tanqisligidan eng ko‘p zarar ko‘rib, hosildorlik pasayishiga duch kelishmokda. Bu esa, qishloq xo‘jaligining umumiy iqtisodiyotga salbiy taʼsirini ko‘rsatmoqda. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan EU-AGRIN loyihamiz doirasida, yuqoridagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, namunaviy hududlarimiz hisoblanmish Toshkent, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlaridagi kichik fermer va dehqon ho‘jaliklarida Yevropaning yetuk tajribasini qo‘llashni rejalashtirganmiz. Iqlim o‘zgarishiga moslashib, yer va suv resurslarini tejaydigan texnologiyalardan unumli foydalangan holda, suvsizlikka chidamli ekin turlarini yaratish va ularni sinovdan o‘tkazish orqali dehqon va fermer xo‘jaliklariga innovatsiyalarni joriy etishga ko‘maklashishni maqsad qilganmiz. Bugungi seminar soha mutaxassilariga foydali bo‘lishiga umid qilamiz”, – dedi EU-AGRIN loyihasining milliy koordinatori Ulug‘bek Islamov.
Seminarda yer resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligi holati buzilishining oldini olish, sifatli mahsulot yetishtirish borasidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish xususida atroflicha so‘z yuritildi. Hususan, sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining umumiy barqarorligiga erishishda suvning ahamiyati: Yevropa Ittifoqi va global siyosatining umumiy ko‘rinishi”, “Sug‘oriladigan maydonlarda “dala sug‘orish tizimi – SMART” texnologiyasini joriy qilish”, “Yer – suv resurslaridan oqilona foydalanish va sho‘rlangan yerlar melioratsiyasi”, “Suv xo‘jaligi tizimini raqamlashtirishda “Aqlli suv” qurilmalari”, “Qishloq xo‘jaligida suv hisobini yuritish: innovatsion usullar” va “Iqlim o‘zgarishi sharoitida suv tanqisligini yumshatish” mavzularidagi taqdimotlari tinglandi.
Shuningdek, yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil etish, cho‘llanishning oldini olish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashlab ekish, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanishda resurtejamkor ilg‘or texnologiyalarni joriy etish kabi mavzular bo‘yicha tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislaridan javob oldilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: