O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 18-19-mart kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida hamda Toshkent viloyati Xalq deputlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga sovuqqa chidamli, serhosil, eksportbop, urug‘siz uzum navlarini yaratish va ularni ko‘paytirish bo‘yicha kasalliklardan holi bo‘lgan “in vitro” sharoitida vinobop, xo‘raki va kishmishbop navlardan 1 mln tup uzum nihollarini yetishtirish vazifasi yuklatilgan edi. Maqsad ichki bozorni sifatli uzum mahsulotlari bilan to‘ldirish, uzumchilik va vinochilik sohasini jadal rivojlantirish hamda yangi vinobop tokzorlarni barpo etishdan iborat.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida mazkur topshiriqning ijrosi yuzasidan yetishtirilgan nihollarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Nihollar buyurtmachi davlat tashkiloti Alkogol, tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish davlat agentligiga topshirildi. Ayni vaqtda laboratoriya sharoitida ko‘paytirilgan in-vitro ko‘chatlar Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti hududidagi issiqxonalarda iqlimga moslashtirilib, kelgusi yil bahor oyida hududlardagi plantatsiyalarda ekiladi.
Mahalliy xo‘raki navlardan “Rizamat”, “Tayfi”, “Qora Xusayni”, “Sogdiana”, “Mersedes”, “Oq kishmish”, “Qora kishmish”, chet el xo‘raki danaksiz navlardan “Vinus”, “Vanessa”, “Lekmond”, chet el vinobop navlardan “Merlo”, “Rizling”, “Kaberne Savinyon”, “Shiraz”, payvandtaglardan “Ferkal”, “Kober 5 VV”, “Kober” kabi uzum nihollari taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali 2022-yilda daromadni kamida 25% oshirish, shuningdek, yillik o‘sish surʼatlarini kamida 5 foizga yetkazish, meva-uzumchilikda har yili kamida 10 mln dona virussiz nihollar yetishtirish, 25 ming gektarda intensiv bog‘lar va 50 ming gektarda yangi uzumzorlar barpo etish hamda o‘rtacha hosildorlikni 120 sentnerdan 135 sentnerga yetkazish kabi vazifalar ko‘zda tutilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: