Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) texnik koʻmagida “Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasidagi donorlar Forumi” boʻlib oʻtdi.
Forumda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi, FAO, UNDP, UNESCO, UNICEF, WB, ADB, GIZ, TIKA, IFAD kabi 30 dan ortiq Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorini rivojlantirish hamkorlari, xalqaro moliyaviy institutlar, donor tashkilotlar, shuningdek, turli davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish qismida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori Shuhrat Vafayev Davlat rahbarining Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorini yanada rivojlantirish yuzasidan olib borayotgan islohotlari, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xoʻjaligi yerlarini isloh qilish, qishloq xoʻjaligida oziq-ovqat subsidiyalari haqida so‘zlab berdi, asosiy davlat institutlari va xizmatlarini kuchaytirish borasidagi harakatlarni jadallashtirish uchun yaratilayotgan huquqiy asoslarni taʼkidlab oʻtdi:
“Mazkur yigʻilishning tasdiqlangan bayonnomasi doirasida Strategik islohotlar agentligiga milliy darajada yordam koʻrsatish topshirilgan. Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasida belgilab berilgan koʻplab islohot tadbirlari samarali amalga oshirilishi bir qancha vazirlik, idora va qoʻmitalar hamkorligini ko‘zda tutishini inobatga olgan holda, yordam birinchi navbatda sohadagi idoralararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilishi zarur. Shularni hisobga olib, biz Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan agrar va oziq-ovqat sohasida muhim islohotlarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha bir qator maxsus texnik ishchi guruhlarni tashkil etishga koʻmaklashishga kelishib oldik”.
Tadbirning amaliy qismida, Qishloq xoʻjaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov Oʻzbekiston Prezidenti Farmoni bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasining dastlabki uch yillik ijrosi tahlillari, erishilgan yutuqlar va ishlanish zarur boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha taqdimot qildi.
“Oxirgi uch yil ichida savdoni liberallashtirish, eksport cheklovlarini qisqartirish yuzasidan qator islohotlar amalga oshirildi, paxta terimida bolalar va majburiy mehnatdan foydalanishga toʻliq barham berildi. Erishgan yutuqlarimiz salmogʻi yuqori. Ammo, asosiy ishlar hali oldinda. Qishloq xoʻjaligi vazirligiga soʻnggi yillarda jalb qilingan investitsiyalar 1,8 milliard dollarni tashkil etadi. Kelgusi yillar davomida Strategiya indikatorlariga erishish uchun shu kabi mablagʻlardan oqilona, sektorda mavjud boʻshliqlarni toʻldirish uchun foydalanish koʻzda tutilgan”, – dedi u.
Shundan soʻng, YeI ASK Facility loyihasi rahbari Adrian Nil Oʻzbekiston agrar sektoriga yoʻnaltirilgan xalqaro koʻmak dasturlari, loyihalarni muvofiqlashtirish toʻgʻrisidagi taqdimotini namoyish etdi:
– Sektorda mavjud loyihalar, dasturlar faoliyatini Strategiya ustuvorliklari bilan toʻliq muvofiqlashtirish kerak. Afsuski, biz, xalqaro hamjamiyat vakillari oʻrtasida baʼzan shu narsa yetishmaydi. Vaziyatlar boʻladiki, uch-toʻrtta tashkilot bir-biridan bexabar holda bir xil loyiha ustida ishlaydi. Vaholanki, bir-birimizdan ayro emas, balki birlashib ishlashimiz, loyiha boʻyicha bor axborotlarni boʻlishib, yoʻq maʼlumotlarni birgalikda toʻldirishimiz nafaqat oʻzimiz, balki Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi uchun birdek foydali. Unutmasligimiz zarur, oʻzaro muloqot – muvaffaqiyat kaliti.
Forum yakunida ishtirokchilar oʻrtasida qizgʻin muhokamalar boʻlib oʻtib, xalqaro moliyalashtiriladigan loyihalarni muvofiqlashtirish, maqsadli yoʻnaltirish va taʼsirini yanada yaxshilash hamda oziq-ovqat sektorining kelajakdagi oʻsishi va rivojlanishi uchun sheriklikni mustahkamlashga kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: