Aholini yilning kech kuz, qish va erta bahor oylarida sabzavot mahsulotlari bilan taʼminlashda himoyalangan maydon sabzavotchiligi muhim ahamiyatga ega. Keyingi yillarda himoyalangan maydonlar sabzavotchiligida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Issiqxonalar turlari takomillashtirildi, himoyalangan maydonlar uchun yangi nav va duragaylar yaratildi, parvarishlashda yanada yangi, mahsulot tannarxi pasayishini taʼminlovchi ilg‘or usullar ishlab chiqildi. Issiqxonalarning maydonlari ko‘paydi.
2022-2023-yilllar hosili uchun 5 359 gektar issiqxonalarda turli ekinlar ekilgan bo‘lib, shundan 4 897 ga – sabzavot (60 foizini pomidor mahsuloti tashkil etadi), 30 ga – ko‘kat va 432 ga – boshqa ekinlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
2020-yilda respublika bo‘yicha yetishtirilgan issiqxona mahsulotlari 223 ming tonna bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yilda 271 ming tonnaga yetdi. O‘rtacha hosildorlik 1 gektar uchun 80-100 tonnani tashkil etmoqda.
Sabzavot yetishtirishda issiqxonalar samaradorligini oshirish, ularda ekiladigan navlarni ko‘paytirish, yangi navlar va qulay bo‘lgan parvarishlash usullarini qo‘llashga bog‘liq. Keyingi yillarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida issiqxonalarda ekish uchun pomidorning yangi navlari yaratilib, ularning urug‘larini tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, pomidorning yangi yaratilgan “Gulqand”, “G‘1 Sayxun”, “G‘1 Bahor”, “Turon”, “AVE-Mariya”, “Subhidam”, “Cherri Marvarid” va “Umid” kabi navlari ishlab chiqarishda keng qo‘llanilmoqda.
Kuzgi-qishki mavsumda issiqxonalarda pomidor ekish va parvarishlash
Kuzgi-qishki mavsumda issiqxonalar uchun ko‘chatni ko‘chatxonalarda tayyorlash zarur. Ushbu mavsumda urug‘ iyun oxiri iyul boshlarida sepiladi, doimiy joyga esa ko‘chatlar avgust oyi boshida o‘tqaziladi.
Dastlab issiqxona qoplamasi ustiga ohak yoki loy sepiladi, tuvakchalarga ozuqali aralashma solinib, yaxshilab sug‘oriladi, urug‘lar 0,5-1 sm chuqurlikka ekiladi. Maysalar paydo bo‘lgunga qadar 2 marta, ertalab va kechqurun sug‘orib turiladi. Urug‘lar unib chiqqandan so‘ng ular bir kunda bir marta, yaxshisi kechki payt sug‘orilgani maʼqul.
Birinchi haqiqiy barg chiqarganida tuvakchalardagi ko‘chatlar chirigan go‘ng bilan 2-3 sm ko‘miladi, bu yosh nihollar poyasini baquvvat o‘sishiga yordam beradi, chunki havo harorati issiq bo‘lgani sababli, poyalar so‘lib ketishi mumkin. Shuning bilan birga 3-4 ta haqiqiy barg chiqargandan so‘ng ko‘chatlar yorug‘lik bilan to‘yinishi uchun issiqxona yuzasi yaxshilab yuvilishi lozim.
Vegetatsiya davrida ko‘chatlar ildizi va barglari orqali oziqlantirib turiladi. Pomidor ko‘chatlari avvaldan sug‘orib qo‘yilgan egatlarga ekiladi, ekib bo‘lingandan so‘ng ko‘chatlar ariqlar orqali sug‘oriladi, 4-5 kundan so‘ng yana sug‘oriladi.
15-20 kundan keyin esa ko‘chatlar ipga tortiladi va o‘simlik atrofi chopiq qilinadi, mineral o‘g‘itlar solinib, sug‘orish ishlari olib boriladi. Keyinchalik pomidor o‘simligiga shakl beriladi asosiy poya qoldirilib, yon bachkilari olib turiladi.
Kuz oylarida yorug‘likning sekin-asta pasayib borishi tufayli, issiqxonalardagi havo harorati ham shunga qarab ushlab turilishi lozim. Noyabr-dekabr oylarida kunduzi havo ochiq bo‘lganida – 20-23 C, bulutli kunlarda 18-20 C va kechqurun 15-17 C, tuproq harorati esa 17-18 C bo‘lishi lozim. Havo namligi 60-70%, terim tugashiga bir oy qolganida o‘simlik o‘sish nuqtasi chilpib tashlanadi. Shunday qilinganida mevalar tez pishib, hosildorlik ham oshadi.
Gullar noqulay sharoitlarda yaxshi meva bog‘lashi uchun, o‘simlik gulshodasi maxsus stimulyator preparatlar (TU, Rengulit, Tomaton, Polistimulin-2) bilan ishlov beriladi. Ushbu preparatlar bilan pomidor gullari ishlov berilganida mevalar 7-10 kun erta pishadi, mevaning o‘rtacha vazni 15% gacha, tovar mahsulot chiqishi esa 20% ga oshadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: