O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Mirzayev va “Wildberries” MChJ bosh direktori Tatyana Bakalchuk o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Toshkent shahrida saralash va logistika markazlarini qurish masalalari muhokama qilindi. Shuhrat Mirzayevning aytishicha, hozirda Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan Toshkent, Samarqand va Andijonda uchta agrologistika markazini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Va u “Wildberries” MChJga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari logistikasini tashkil etish nuqtai nazaridan ushbu loyihani ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston agrosavdo portalini integratsiyalash, ya’ni maydonlarni o‘zaro integratsiya qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etish masalasini muhokama qilishdi.
Konsolidatsiyalangan eksport masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shuhrat Mirzayev “Wildberry” MChJ marketpleysi orqali meva-sabzavot mahsulotlarini jamlanma eksport qilishni tashkil etishni taklif qildi. Shu maqsadda xorijlik hamkorlarga meva-sabzavotlarni zarur hajm va standartlarga muvofiq yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun.
Wildberries – kiyim-kechak, poyabzal, elektronika, bolalar uchun mahsulotlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa tovarlarning xalqaro marketpleysi (internet do‘kon). Rossiya, AQSh, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Polsha, Slovakiya, Germaniya, Isroil, Moldova, Turkiya va O‘zbekistonda faoliyat yuritadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: