Toshkent Davlat Agrar Universitetida “Oliy Ta`lim Muassasalarida marketing rivojlanishining dolzarb masalalari va O`zbekistonda oliy ta`lim raqobatbardoshligini oshirishda uning roli” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi.
Unda xalqaro tashkilotlar vakillari, marketing bo’yicha mutaxassislar va Toshkent davlat agrar universitetining o‘qituvchi va talabalari qatnashdilar.
Bugun yurtimizda oliy ta’lim olish istagidagi yoshlar soni yildan yilga ortib bormoqda. O‘z o‘rnida ushbu talabdan kelib chiqqan holda, davlat oliy ta’lim muassasalari bilan tengma-teng faoliyat yuritib kelayotgan xususiy oliy ta’lim muassasalari va xorijiy davlatlar universitetlarining yurtimizdagi filiallari soni ham tobora ko‘paymoqda. Ya’ni, yoshlarga oliy ta’lim berish sohasida kuchli raqobat muhiti vujudga kelmoqda. Raqobat muhiti esa ta’lim sifatining oshishiga, undagi kadrlarning har tomonlama yetuk va bilimli bo‘lishiga zamin yaratadi.
Buning uchun oliy ta’lim muassasasining o‘zi har tomonlama rivojlangan, mustaqil bo‘lishi kerak. Marketing bo‘limining tashkil etilishi ta’lim tizimida ana shu muvafaqqiyatni ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Yurtimizdagi davlat oliy ta’lim muassasalari orasida ilk bor Toshkent davlat agrar universitetida Marketing bo‘limi tashkil etildi. Ushbu bo‘lim tomonidan 2022-yilning o‘tgan oylari mobaynida samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, universitet professor o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatildi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtining yangi rasmiy sayti yaratildi va fakultetlarning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari tartibga keltirildi. Universitetni kelgusida rivojlantirishning marketing strategiyasi ishlab chiqildi.
Tadbirda aynan Toshkent davlat agrar universiteti Marketing bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratildi.
“Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilab berilgan ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlashda har bir oliy ta’lim muassasalarida bugungi mehnat bozori takliflarini tahlil qiladigan, ish beruvchilar va xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli shartlar asosida aloqalarni o‘rnata oladigan yangi marketing xizmatini yo‘lga qo‘yish, mavjud marketing bo‘limlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish bugungi kunning talabidir. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham buni amaliyotdagi isbotini ko‘rsatish edi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: