2022-yil 26-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Eronning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hamid Nayyirobodiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida bir qator yo‘nalishlar, xususan qishloq xo‘jaligi sohasida ham manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
Joriy yilning sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Sammitida Eron tarafi bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik bo‘yicha idoralararo Memorandum imzolangan.
Aziz Voitov eronlik olim va mutaxassislarning zaʼfaron va pista yetishtirish borasida erishgan yutuqlarini eʼtirof etdi. Shu jihatdan, mazkur tajribani O‘zbekistonda tatbiq etish maqsadida Eronning Haydari Torbat universiteti qoshidagi Zaʼfaron ilmiy instituti va O‘zbekistonning O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif bildirdi.
Uchrashuv davomida Erondan kartoshkaning sog‘lom va virussiz “minituber” (mini tuganak) urug‘ligini olib kelish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish istiqbollari muhokama etildi. Bu borada Eron Milliy kartoshkachilik uyushmasi hamda O‘zbekistonning Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish belgilab olindi.
Qishloq xo‘jaligi vazirining takliflari orasida mamlakatimizning qurg‘oqchil hududlarida bug‘doy yetishtirishning yangi agrotexnologiyalarini joriy qilish hamda quruq iqlimga moslashgan bug‘doy navlarini yaratish bo‘yicha O‘zbekistonning Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Eronning Qurg‘oqchil yerlarda qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti (Dryland Agricultural Research Institute) o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi ham bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikka tegishli kun tartibidagi masalalarni muntazam muhokama qilish maqsadida Eron tomoniga ikki davlat agrosanoat majmuasini rivojlantirish uchun masʼul tegishli idoralar vakillaridan iborat O‘zbekiston-Eron qo‘shma ishchi guruhini tashkil etish va uning yig‘ilishini 2023-yilning fevral oyida Toshkent shahrida o‘tkazish taklifi bildirildi.
Aziz Voitov uchrashuv doirasida belgilangan masalalarni atroflicha muhokama qilish maqsadida Eron Islom Respublikasining Qishloq xo‘jaligi Jihodi vaziri Sayid Djavad Sadatinejad boshchiligidagi olim va mutaxassislardan iborat delegatsiyasini O‘zbekistonga taklif etdi va ushbu tashrifni tashkil etishga hamda kelgusida Eron tomoni bilan agrar yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: