2022-yilning 26-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdujabbor Aziziy Rahmonzoda bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik mustahkamlanib borayotgani qayd etilib, ishlab chiqish bosqichida bo‘lgan bir qator istiqbolli masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomoni mablag‘lari hisobidan hosilni sotishdan olingan daromaddan keyinchalik qoplash sharti asosida Hisor (Tojikiston) shahrida “Do‘stlik bog‘i”ni tashkil etish muhokama qilingan asosiy mavzular qatoridan o‘rin oldi. «Do‘stlik bog‘i» qo‘shma korxonasi 2022-yil may oyida tashkil etilgan.
Joriy yilning noyabr-dekabr oylarida mevali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan.
Tojikistonning Hisor tumanidagi 5 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualari va intensiv bog‘ barpo etish masalasi ham o‘rtaga tashlandi. Loyiha qiymati qariyb 3,3 mln AQSh dollarini tashkil etdi.
Qishloq xo‘jaligida bilim, innovatsiyalar va xizmatlar AKIS markazining So‘g‘d viloyati hududida vakolatxonasini ochish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur AKIS vakolatxonasi negizida tojikistonlik olimlar, mutaxassislar va fermerlar uchun meva-sabzavot yetishtirishning innovatsion agrotexnologiyalari, zamonaviy sug‘orish usullarini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv seminarlari o‘tkazish rejalashtirilgan. 2021-yil dekabr oyida 10 nafar tojikistonlik mutaxassis Toshkent viloyatidagi Qishloq xo‘jaligidagi bilim, innovatsiyalar va xizmatlar AKIS markazida bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: