Respublikada 2022-yil hosili uchun jami 257 ming 196 gektar maydonlarga mosh ekini ekilgan. Shundan, 19 ming 538 gektari asosiy, 228 ming 351 gektari takroriy maydonga hamda 9 ming 307 ming gektari bog‘ va tok qator oralariga ekilgan.
Mosh ekini respublikaning barcha hududlarida asosiy va takroriy ekin sifatida ekiladi. U almashlab ekish tizimida barcha ekinlar uchun eng yaxshi o‘tmishdosh hisoblanadi. Mosh respublika hududlarida avvaldan ekilib kelinayotganligi sababli, tuproqlarda biologik azot to‘plovchi tuganakli bakteriyalari tabiiy shakllanadi hamda ko‘chat qalinligidan kelib chiqib, o‘rta gektariga 80-120 kg sof holda azot to‘playdi. Shuning uchun ham ushbu ekin maydonlari yildan-yilga kengayib bormoqda.
Bolalar uchun foydali. Mosh (fasol zolotistiy) ekini tarkibida oqsil, vitaminlar bo‘lishi, to‘yimliligi, tezpisharligi bilan boshqa dukkakli don loviya, xo‘raki no‘xat va ko‘k no‘xat o‘simliklaridan ustun turadi. Mosh doni tarkibida oqsil 24-28 foiz, lizin 8 foiz, arginin 7 foiz va vitamin B1, PP lar ko‘pdir. Mosh tarkibidagi oqsil ayniqsa, yosh bolalar uchun foydali bo‘lib, moshdagi triptofan organizmda oqsilni sintez bo‘lishida yordam beradi va qonda gemoglabinning yaratilishida qatnashadi.
Ekinni yetishtirish va agrotexnikasi. Mosh ang‘iz yerga ekilganda birinchi ekin hosili tez yig‘ishtirib olinadi. Yer yetilishi bilan 20-22 sm chuqurlikda haydaladi, boronalanadi, keyin mola bostiriladi. Yerdagi yirik kesaklar maydalanib, ekishga tayyorlanadi. Uni ekish ang‘iz maydonlarda yozda o‘tkaziladi. Respublikaning janubiy viloyatlarida takroriy ekin sifatida moshni eng maqbul ekish muddati 15-iyundan 10-iyulgacha bo‘lgan davr hisoblanadi. Agar juda kech ekilsa, hosil sovuqdan zararlanishi yoki donlar yetilmasligi mumkin. Siderat uchun mosh avgust boshlarida ekiladi va 2-3 marta sug‘oriladi.
Parvarishlash. Mosh takroriy ekin sifatida ekilganda uni qator oralarini kultivatsiya qilish, begona o‘tlardan tozalash va o‘suv davrida sug‘orishni amalga oshirish kerak.
Hosilni o‘rib-yanchib olish. Mosh dukkaklari bir tekis yetilmaydi. Pishgan dukkaklar qorayadi, donlar o‘z naviga xos tusga kiradi. Dukkaklarning 70 foizi yetilganda o‘rim-yig‘im boshlanadi. O‘simliklar 3-4 kun mobaynida qurigandan keyin yanchib olinadi. Yanchilgan, tozalangan urug‘lar namligi 15 foizdan ortiq bo‘lmagan holda, qoplarda yoki to‘kilgan holda, shamollatiladigan binolarda saqlanadi.
Respublikada yetishtiriladigan navlari. Moshning mamlakatimizda Davlat reestriga kiritilgan, takroriy ekish uchun tavsiya etiladigan quyidagi navlari mavjud: “Navro‘z”, “Qahrabo”, “Durdona”, “Marjon”, “Zilola” va “Turon”.
“Navro‘z” navi 2005-yilda rayonlashtirilgan bo‘lib, tanlov yo‘li bilan yaratilgan. Pishib yetilish davri 90-95 kun, hosildorligi gektaridan 14-16 sentnerni tashkil etadi. Ushbu navning ekish muddati takroriy ekinda 20-iyungacha etib belgilangan.
80-85 kunda pishib yetiladigan “Qahrabo” navi yakka tanlov yo‘li bilan yaratilgan. Bu navning hosildorligi gektaridan 13-17 sentnerga teng. Ertapishar ushbu navning ekish muddati 20-25-aprelgacha bo‘lishi lozim. Hosildorligi gektariga 20,8 sentnerga yetadi.
“Durdona” navi 2011-yilda Davlat reestriga kiritildi. Navning o‘suv davri 65-70 kunni o‘z ichiga oladi. Dukkaklari poyasining ustki qismida bo‘lgani uchun uni terish oson.
Yana bir Davlat reestriga kiritilgan navlardan biri “Marjon”dir. 90-95 kunda pishib yetiladigan ushbu navni bahorda va yoz mavsumida ekish mumkin. Afzalligi, undan turli taomlar tayyorlashda foydalaniladi.
Terim uchun qulay bo‘lgan yana bir mosh navi “Zilola” bo‘lib, u 2008-yilda Davlat reestriga kiritilgan. Navning to‘liq pishish davri 90-95 kundan iborat. Ushbu navni bahorda va ang‘izda ekib, yaxshi hosil olish mumkin.
2012-yilda Davlat reestriga kiritilgan “Turon” navining pishish davri 100 kun deb qayd etilgan. Yuqori hosildor bo‘lgan ushbu navdan gektariga 29,0-31,0 sentner mosh yig‘ib olish mumkin. Bahorda hamda yoz mavsumida ekishga va to‘liq hosil olishga yaroqlidir.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: