O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi (YEI) bilan mustahkam xalqaro aloqalarni olib borishda davom etmoqda va buning yaqqol isbotini O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyati misolida kuzatish mumkin. Xususan, YEI tomonidan O‘zbekistondagi oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va agrar siyosatga doir dolzarb vazifalarni amalga oshirishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda tizim tashkilotlariga texnik ko‘mak ko‘rsatish maqsadida Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va soha bilimlarini oshirish (ASK) dasturi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. ASK dasturi, shuningdek, mamlakatning agrar oziq-ovqat sektoridan manfaatdor tomonlar o‘rtasida barqaror muloqot va hamkorlik o‘rnatishga ham xizmat qiladi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim ASK dasturi haqida shunday izoh beradi: “Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasini uzoq vaqtdan beri qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Chunki bu soha mamlakatda aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha katta salohiyatga ega hamda milliy iqtisodiyotga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Qolaversa, ishonamizki, sektor taraqqiyoti mamlakatning chekka va zaif hududlarida yangi daromad manbalarini yaratish uchun yirik imkoniyatlarni taqdim etadi.
Bizning ko‘mak samarali, raqobatbardosh, ekologik toza va isteʼmolchiga qulay agrar oziq-ovqat sektorini rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan. Biz Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda ishlab, ularning soha rivojiga bo‘lgan sadoqatini yuksak qadrlaymiz. Shu bois, biz hukumat ilgari surayotgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Shubhasiz, Yevropa va jahonning eng yaxshi amaliyotlarini mahalliy o‘zlashtirilishini taʼminlash sektorni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilishda muhim rol o‘ynab, savdo va taraqqiyot uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochadi”.
Elchining intervyusi bilan Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi veb saytida to‘liq tanishishingiz mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: