2022-yil oktyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) o‘zbekistonlik bir guruh mutaxassislar uchun Turkiyaning kartoshka urug‘chiligi tajribasini o‘rganish maqsadida ushbu davlatga o‘quv safarini tashkil etdi. Mazkur safar ishtirokchilari orasida O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Meva-sabzavotchilik, uzumchilik, polizchilik va kartoshkachilikni rivojlantirish boshqarmasi vakili ham bor edi.
Sayohat FAOning “COVID-19 ga javoban kartoshka sektorini tiklash va rivojlantirish” loyihasining bir qismi bo‘lib, u O‘zbekistonda kartoshka sohasining ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga qaratilgan. Loyihani amalga oshirish jarayonida kartoshka navlarini ro‘yxatga olish va urug‘likni sertifikatlash tizimini takomillashtirish, kartoshka yetishtirishni modernizatsiya qilish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish, yuqori sifatli kartoshka yetishtirishni rivojlantirish va uni saqlash sharoitlarini yaxshilash, eng muhimi, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan fermerlar, agronomlar va shu sohalarda ishlaydigan boshqa mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Urug‘lik kartoshka ekish uchun maxsus yetishtiriladi. Bunday kartoshka kasalliklarga chidamli va yuqori hosil beradi hamda uning narxi oddiy kartoshka narxidan bir necha baravar yuqori. Kartoshka urug‘ini yetishtirish ishlari odatda bir necha yil davom etadi. Bu borada Turkiya katta salohiyatga ega. Mamlakatda har yili 150 ming gektar maydonda 5 mln tonnaga yaqin kartoshka yetishtiriladi, shundan 450 ming tonnaga yaqini urug‘lik kartoshkadir.
O‘quv safari davomida, avvalo, O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyaning Sivas shahrida kartoshka urug‘lik ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik “Doga Seed” korxonasiga tashrif buyurib, mahsulot yetishtirishning turli bosqichlari bilan yaqindan tanishdi. Navbatdagi tashrif Turkiya kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti joylashgan Nig‘de shahriga uyushtirildi. Institutda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida taqdimot o‘zbekistonlik mutaxassislar e’tiboriga havola etildi, shuningdek, ular laboratoriyalar, issiqxonalar va tajriba maydonlarida, so‘ngra Tirxon qishlog‘idagi fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, fermerlar bilan muloqot qilishdi, hattoki bu yerda kartoshka yig‘ish jarayonida ham ishtirok etishdi.
Keyin esa hamyurtlarimiz kartoshka saqlash uchun foydalaniladigan noyob tabiiy g‘orlari bilan mashhur bo‘lgan Nevshehirga tashrif buyurishdi. Omborlarning tuzilishi va mahsulotlarni saqlash usullarini o‘rgangan O‘zbekiston delegasiyasi “Doga Seed” kompaniyasining Nevsehir shahrida joylashgan yana bir qancha obyektlari, jumladan, fri kartoshkasi ishlab chiqarish zavodida bo‘lishdi.
Anqarada o‘zbekistonlik mutaxassislar Turkiyada sertifikatlangan urug‘lik kartoshka yetishtirish va kartoshka navlarini ro‘yxatdan o‘tkazishning turli masalalariga mas’ul bo‘lgan davlat idoralarida uchrashuvlar o‘tkazishdi. Xususan, bular Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligining O‘simlikchilik bosh boshqarmasining Urug‘chilik bo‘limi, Turkiya navlarini ro‘yxatga olish va urug‘likni sertifikatlash markazi hamda O‘simliklarni himoya qilish markaziy ilmiy-tadqiqot instituti kabilardir.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligining Sabzavotchilik, kartoshkachilik va polizchilik bo‘limi yetakchi mutaxassisi Azizjon Raimov safar va Turkiyada orttirilgan tajribalari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: “Turkiyadagi Kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lar ekanmiz, yangi kartoshka navlarini yaratish, urug‘lik kartoshkani yetishtirish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar bilan tanishib chiqdik. Ayni kunlarda u yerda biotexnologik usulda “in-vitro” sharoitida kartoshka urug‘ligini ko‘paytirish bo‘yicha laboratoriyadagi ishlar olib borilyapti ekan. Ushbu ilmiy-tadqiqot institutida kartoshkaning 10 ta navi yaratilgan bo‘lib, ularning qurg‘oqchilikka, nematoda kabi zararkunandalarga chidamliligi o‘rganilmoqda. Institut olimlari tomonidan chet mamlakatlardan introduksiya qilingan kartoshka
navlarini mahalliy muhitga moslashtirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi. Shuningdek, ekinlarni almashlab ekish yo‘nalishida ham Turkiya tajribasini o‘rgandik. Institut qoshidagi 500 tonna sig‘imga ega kartoshka saqlash omborini ko‘rib chiqdik. Safarimiz natijasida respublikamizda davlat tomonidan kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Turkiya tajribasi asosida mineral o‘g‘itlar, sug‘orish tizimlari, yoqilg‘i kabi moddiy resurslarga subsidiya hamda imtiyozli kreditlar ajratadigan muassasalarni tashkil etish taklifini berdik. Biz uchun safar juda samarali bo‘ldi. Tashkilotchilarga rahmat”.
Urug‘lik kartoshkasi yetishtirish bo‘yicha Turkiyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish o‘zbekistonlik mutaxassislarga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonda kartoshkachilik sohasi salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy tajribani samarali joriy etish imkonini beradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: