2022-yilning 14-18-oktyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida Koreya Respublikasining LX korporatsiyasi hamkorligida texnik xodimlar uchun qishloq xo‘jaligida yer boshqaruvini yaxshilashda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish bo‘yicha trening tashkil etildi.
Qishloq xo‘jaligida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish nechog‘li muhim va bunda sunʼiy intellektni qanday boshqarish mumkin? Ushbu savollarga “LX” korporatsiyasi bilan birgalikda Koreyaning “KOTRA”, “Muhan IT Co.Ltd”, “MGIS Co., Ltd”, “Geomatic Co.,” Ltd kompaniyalari vakillari Koreya respublikasidagi jarayonlar misolida javob berishdi. Jumladan, Koreyada qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqarish va ekinlar monitoringi, dron materiallari bilan ishlash, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda o‘simliklarni tasniflash va maydonlarni nazariy va amaliy baholash bo‘yicha mashg‘ulotlar haqida so‘zlab berishdi.
O‘quv trening savol-javob shaklida davom etdi. Ishtirokchilar uchuvchisiz uchish apparatlarining ekinlarga o‘g‘itlarni sepishdagi meyyorga amal qilishda boshqa texnikalardan farqli jihatlariga oid muhim savolni yo‘llashdi. Mehmon mutaxassis esa, sholichilik misolida bu farqni tushuntirib, Koreyaga qaytgach, soha yetakchilari bilan maslahatlashib, bug‘doy va g‘o‘za misolida ham bu savolga batafsil javob yo‘llashga va’da berdi.
Treningda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zdavyerloyiha” DILI, “Agrosanoatni raqamlashtirish” markazi DM, “Toshvilyerloyiha” DILI, “Sirvilyerloyiha” DILI hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Maʼlumot o‘rnida, Koreyaning “LX” kompaniyasida 3 700 dan ortiq xodimlar faoliyat yuritadi. Korporatsiya Koreya Respublikasining barcha hududlari bo‘ylab yer bo‘yicha aniq kadastr, tadqiqot va fazoviy tezkor axborot xizmatlarini taqdim etadi, uning shaxsiy ishlanmalari va ilg‘or texnologiyalari qator mamlakatlarda qo‘llaniladi.
Uch kun davom etgan trening yakunida qatnashchilarga tashkilotchilar tomonidan sertifikat va sovg‘alar topshirildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: