Bugungi kunda ekma zaʼfaronni respublikamizning turli tuproq va iqlim sharoitida o‘stirish, ko‘paytirish hamda sanoat plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ekinni nafaqat mahalliy farmatsevtika, oziq-ovqat va parfyumeriya sanoatida ishlatish mumkin, balki jahon bozorida qimmatbaho mahsulot sifatida eksport qilsa bo‘ladi. Zaʼfaron yetishtirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan olib borilmoqda. Institut tajriba maydonlariga Italiyadan zaʼfaron piyozchalari keltirilib ekilmoqda.
Ekma zaʼfaron madaniy holda yetishtiriladigan mintaqalariga O‘rta Yer dengizining Janubiy Yevropa va Shimoliy Afrika hududlari, Markaziy Yevropa, Kichik Osiyo, Yaqin sharq mintaqalari va Markaziy Osiyodan to G‘arbiy Xitoygacha bo‘lgan hududlar kiradi. O‘simlik dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida (Avstraliya, Xitoy, Turkiya, Eron, Pokiston, Yangi Zelandiya, Fransiya, Italiya, Gretsiya, Marokko, Kipr, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Koreya, Hindiston, Ukraina, Rossiya, Malayziya, Germaniya, Kanada va boshqa) asosiy qishloq xo‘jaligi ekini sifatida katta miqyosdagi plantatsiyalarda yetishtiriladi.
Foydasi
Zaʼfaron ziravor o‘simliklarning qiroli hisoblanadi. Uning gulchangchisi asosiy xomashyo hisoblanib, tibbiyotda dori-darmon vositasi sifatida, oziq-ovqat sanoatida turli xil mahsulotlarga rang, hid va taʼm beruvchi ziravor sifatida foydalaniladi. Zaʼfaron xomashyosi tarkibida, karotinoidlar (krotsin, pikrokrotsin), flavonoidlar, efir moylari (shafranal), B, B2 vitaminlari, yog‘, azotli moddalar, qand, kaliy va kalsiy birikmalari mavjud. Rasmiy tibbiyotda zaʼfaronning yengil tetiklashtiruvchi, ayollar hayz
jarayonlarini moʻtadillashtiruvchi, tug‘ruqdan keyingi og‘riqni qoldiruvchi, gepatit, qonli ich ketishining oldini olishda va undan tayyorlangan surtma esa tuxumdon shamollashi, gemorroy, tomir tizimining tortishish, ko‘z kasalliklarida qo‘llaniladi.
Zaʼfaron oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlashda qadimdan ishlatilib kelingan. O‘simlikning gul ustunchalarida 50 foizdan ortiq bo‘yovchi modda krotsin yoki polixroit, 2,7 foiz yog‘, 0,32 foiz efir moyi, shuningdek, B, B2 vitaminlari, azotli moddalar, qand, kaliy va kalsiy birikmalari mavjudligi sababli, u qo‘shilgan oziq-ovqat mahsulotlari bir necha kun o‘z sifatini yo‘qotmaydi. Zaʼfaron tarkibi jihatidan shunisi bilan xarakterliki, uning ozgina miqdori, yaʼni 6-7 tomchisi (spirtdagi eritmasi) 1 litr yoki 1 kg ozuqaga rang, taʼm berish xususiyatiga ega.
Yer tanlash va uning talablari
Ekma zaʼfaron yorug‘sevar o‘simlik bo‘lib, tuganakpiyozlarni respublikamiz iqlim sharoitida avgust oyida ekish maqsadga muvofiq. Sabab, shu vaqtda tuproq yuzasida kunduzi va kechki qizish ko‘rsatkichi 40-45° C dan oshmaydi. Tuganakpiyozlar tuproqqa ekilgandan keyin maydon zaxlatib sug‘orilishi bilan, tuproqdagi o‘rtacha harorat 23-28° C ni tashkil etadi. Bu sharoit ekma zaʼfaron tuganak piyozlarining unish jarayonining boshlanishi va jadal kechishi uchun optimal hisoblanadi.
Shuningdek, ekma zaʼfaron plantatsiyalari uchun yer maydonlarini tanlashda o‘simlikning bioekologik xususiyatlaridan kelib chiqib tanlash maqsadga muvofiqdir. Yaʼni, yorug‘lik ko‘p tushadigan, havoning nisbiy namligi yuqori bo‘lgan, yer osti suvlari tuproq yuzasiga 2-3 m. gacha joylashgan va mayin shamol esadigan nishabroq maydonlar o‘simlikning o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy taʼsir etib, hosildorlikni miqdor va sifat jihatidan yuqori bo‘lishini taʼminlaydi.
Iqlim va tuproq sharoiti
Ekma zaʼfaron o‘simligini ekish va ko‘paytirish borasida ko‘pgina ilmiy tadqiqotlarda ushbu hududda havo nisbiy namligi yuqori bo‘lishi maqsadga muvofiq ekanligi taʼkidlangan. Shuningdek, ushbu o‘simlikni ko‘paytirish uchun maʼqul maydonlar tog‘oldi adirliklari va suv o‘tadigan irrigatsiya tizimi yo‘nalishi bo‘ylab joylashtirilsa maqsadli ekanligi qayd etilgan. Ekma zaʼfaron mutlaqo tuproqqa talabchan emas, degan fikr noto‘g‘ri. Sababi, o‘simlik tuganak piyozli bo‘lib, o‘ta sho‘rlangan va shag‘alli qattiq berch tuproqlarda ekish tavsiya etilmaydi. Shuningdek, tarkibida kalsiyli tuzlar va unumdorligi o‘rtacha
bo‘lgan tuproqlarda ekma zaʼfaron o‘sishi mumkin, ammo bu yerlarda hosildorlik sezilarli darajada past bo‘ladi. O‘z navbatida, o‘simlikni yetishtirish uchun eng maqbul tuproqlar bo‘z, soz, qumloq, unumdor va oz bo‘lsa-da, suv bilan taʼminlangan hududlarda ekish tavsiya etiladi. Demak, edafik sharoit ham o‘simlikning o‘sish va rivojlanishiga ijobiy taʼsir etadi. Bundan tashqari, zaʼfaron o‘simligini namlik to‘plangan va kislotalik pH nisbati 8,5 dan yuqori bo‘lgan yerlarda o‘stirish mumkin, unumdor tuproqlar zaʼfaronning yaxshi o‘sishi va serhosil bo‘lishini taʼminlaydi.
Ekish va ko‘paytirish
Markaziy Osiyoning shimoliy mamlakatlari (O‘zbekiston, Tojikiston va boshqalar) ekma zaʼfaronni ekish muddati avgust oyining birinchi yarmida amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir, sababi o‘simlik reproduktiv jarayonga kirishi, yaʼni gullash jarayoni bilan uzviy bog‘liq. Ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, quyidagi holatlarga eʼtibor berish zarurligi aniqlangan:
Hozirgi kunga qadar, ekma zaʼfaron yetishtirish yuqori darajada mexanizatsiyalashtirilmagan. Yaʼni o‘simlik hosilini yig‘ishtirib olish qisqa muddatlarda amalga oshirilib, bunda hosilni yig‘ishtirib olish uchun maxsus ixtisoslashtirilgan texnika ishlab chiqilmagan. Buning sababi, o‘simlik bo‘yining pastligi va yig‘ib olinadigan xomashyosi gullari, aniqrog‘i urug‘chi tumshuqchalari hisoblanib, ularni terib olishda maxsus mashina-mexanizmlardan foydalanishning imkoni yo‘q. Shuning uchun hozirgi kunga qadar zaʼfaron yetishtiradigan barcha mamlakatlarda hosilni terib olish tadbirlari faqatgina qo‘l kuchi yordamida yoki endilikda baʼzi bir tadbirlar (ekish, qator oralarini yumshatish va quritish) maxsus asbob-uskunalar yordamida amalga oshirilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: