2022-yil 13-oktyabr kuni Toshkent shahrida 15-oktyabr Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan “Qishloq hududlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish istiqbollari va aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi ishtiroki” mavzusidagi Forum hamda “Qishloq ayoliga ehtirom” nomli tantanali tadbir tashkil etildi.
Tashkilotchilar: O‘zR Oliy Majlis Senati, O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zR Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), AQSH Halqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) hamda “O‘zbekiston agrar soha ayollari” uyushmasi.
Tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, ayniqsa, chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan ayollar turmush sharoitini yaxshilash, ularning muammolariga hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga eʼtibor qaratish, qishloq joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish uchun yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlar bilan tanishtirishdan iborat.
O‘tkazilgan Forumda O‘zR Oliy Majlis Senati raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva, O‘zR Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti(FAO)ning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov, AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi muvaqqat ishlari vakili Pol Politis, O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi Adiba Axmedjanova va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, mamlakatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning tadbirkorlik va fermerlik sohasida munosib ishtirokini taʼminlash, isteʼdodlarini ro‘yobga chiqarish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb etish, siyosiy, huquqiy savodxonligini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlashdi.
Ishtirokchilar qishloq hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishida, xususan, agrar sohada mamlakatimiz eksport salohiyati va sanoatini yuksaltirishda xotin-qizlarning roli, qishloq ayollarining sog‘lig‘ini mustahkamlash, onalik va bolalik muxofazasi va ijtimoiy himoyasiga oid amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalarni muhokama qilishdi.
Shuningdek, “Qishloq ayoliga ehtirom” nomli bayram tadbirida turli kasb egalari bo‘lgan qishloq ayollariga ehtirom ko‘rsatilib, sidqidildan samarali mehnat qilayotgan bir guruh xotin-qizlarga esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlarning 41,3 foizini xotin-qizlar tashkil etib, respublikada faoliyat yuritayotgan 80,0 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklarning deyarli 6,0 mingtasiga ayollar rahbarlik qilmoqdalar. Respublikamiz bo‘yicha 688 ming gektardan ortiq tomorqa yerlarida asosan xotin-qizlarimiz mehnat qilib, aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda ishtirok etmoqdalar.
Ushbu ko‘rsatkichlar respublikamizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va ishlab chiqarishdagi ulushini oshirish, ular uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijalaridan biridir.
Maʼlumot uchun: BMT Bosh Assambleyasining 2007-yil 18-dekabrdagi «Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash» to‘g‘risidagi rezolyutsiyasiga asosan 15-oktyabr Xalqaro qishloq ayollari kuni deb eʼlon qilingan. Bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlarida mazkur sana xalqaro qishloq ayollari kuni sifatida keng nishonlanib, qishloq ayollari alohida eʼtirof etilmoqda.
Respublikamizda ham ushbu kun davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida keng nishonlanmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda turli darajadagi keng qamrovli tadbirlar tashkil etilmoqda.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev:
— Bugungi kunda agrosanoat majmuidagi 20 dan ortiq vazirlik, qo‘mita, agentliklarning Markaziy apparatida 1386 nafar xodimlarning 230 nafari xotin-qizlar bo‘lib, ulardan 30 dan ziyodi turli darajadagi rahbar ayollardir. Tizim tashkilotlaridagi 177,9 mingdan ortiq xodimlarning 47,6 ming nafari xotin-qizlar, ulardan 650 nafarga yaqini rahbar ayollardir. Bugungi kunda agrosanoat majmui tizimidagi 23 ta ilmiy-tadqiqot institutlaridagi 2,8 mingdan ziyod ilmiy xodimlarning 912 nafari xotin-qizlar bo‘lib, ularning 60 dan ortig‘i rahbar xotin-qizlar. Ular qishloq xo‘jaligi sohasining turli yo‘nalishlarini ilmiy asosda rivojlantirish borasida samarali mehnat qilmoqdalar.
USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit:
— USAID qishloq ayollarini iqtisodiyotning barcha jabhalarida qo‘llab-quvvatlaydi. USAIDning Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan, umumiy qiymati 3,4 million AQSH dollari miqdoridagi Ayollar iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish tashabbusi tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatish o‘quv dasturlari orqali qishloq ayollariga ish topishda ko‘maklashadi. Bundan tashqari mazkur tashabbus doirasida biz o‘quv dastur bitiruvchilariga o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari yoki ish bilan taʼminlanishlari uchun moliyaviy va texnik ko‘mak ko‘rsatamiz.
FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov:
— FAO qishloq hududlarini rivojlantirish orqali qishloq ayollarini daromad keltiruvchi muqobil faoliyatga jalb qilish, ular uchun yangi imkoniyatlar yaratishga hissa qo‘shadi. Yangi daromad manbalari esa aholi turmush darajasini yuksaltirishga, buning natijasida yana-da sog‘lom va bilimli yosh avlodning kamol topishiga taʼsir ko‘rsatadi”, – deydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: