Bugungi kunda O‘zbekistonda bosh o‘raydigan salat (boshsalat) yoki aysberg salati ekib kelinmoqda. Uni asosiy ekin sifatida, ertaki va takroriy muddatlarda ekish mumkin. Ammo yetishtirishda ilmiy asoslangan texnologiya albatta, zarur. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan tajribalar o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, aysberg salatining yangi navlarini olib kelish, uning turlarini oshirish, tovarbop hosil olish, oziqlantirish, ekish sxemasini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu ekinni tog‘li mintaqalarda ham yetishtirsa bo‘ladi.
Salat bargining ildiz tizimi deyarli kuchli emas, ammo tez qayta tiklanadi va o‘sadi, shu bois o‘simlik ko‘chatlarini ko‘chirib o‘tkazish yengil kechadi. Ildizning yuqori qismi yo‘g‘on, kuchli shoxlanuvchan va ko‘p mayda ildizlardan iborat bo‘lib, ular tuproqning yuqori qismida joylashgan. Bosh o‘raydigan salatning bir oz ko‘tarilib o‘sadigan barglari to‘pbarg yoki uncha yirik bo‘lmagan, diametri 10-15 sm li yumshoq bosh o‘raydi. Boshi yumaloq yoki yumaloq yassi shaklda. Aysberg salati naviga qarab, 60-80 kunda yetiladi.
Salat o‘simligi ilitilgan yerlarda va issiqxonalarda o‘stiriladi. Issiqxonalarda ko‘kat-sabzavotlar asosiy ekinlar (bodring va pomidor) ekilgunga qadar yoki asosiy ekin tugagach, erta bahorda yoki kech kuzda ekib yetishtiriladi. Chunki qimmat turuvchi issiqxonalarni ko‘kat-sabzavotlar bilan band qilish maqsadga muvofiq emas. Ayrim vaqtda tezpishar bir yillik ko‘katlarni issiqxonalarda asosiy ekinlarga (bodring va pomidorga) zichlashtirib ekiladigan ekin sifatida ham yetishtirish mumkin. Bunda ularning urug‘i yoki ko‘chati asosiy ekin ekilishidan bir necha kun ilgari ekilib, 25-30 kun davomida yetishtiriladi.
Haroratga munosabati
Aysberg salati sovuqqa chidamli o‘simlik. U +5°C haroratda ham o‘sadi, ammo yaxshi o‘sishi va rivojlanishi uchun maqbul harorat +15 – +20 °C dir. Boshchalar +12-+14 °C da yetishtirilganda ancha zich bo‘ladi. Turli navlarning sovuqqa chidamliligi bir xil emas, ayrim navlar ochiq yerda qishni o‘tkazishi mumkin, ayrimlari o‘tkaza olmaydi. Salatning ayrim navlari urug‘i yuqori haroratda (+25 – +28 °C dan yuqori) unib chiqmasligi ham mumkin. Shu bois urug‘ ekilganda sovuq suv bilan sug‘orish kerak. U ekinlar bilan zichlashtirib ekilganda yorug‘lik kam tushadigan bo‘lsa, boshlar hosil bo‘lmaydi.
Tuproq sharoiti
Bosh salat tuproq va havo namligiga talabchan, lekin meʼyoridagi namlik maqbul hisoblanadi. Meʼyoridan oshiq namlik ham zararli, bunda pastki barglari chirib, ayrim kasalliklar rivojlanadi va hosilning kamayishiga olib keladi. U tuproq unumdorligiga talabchan. Chunki tez o‘sadi, uning o‘sish davri qisqa, ildiz tizimi esa uncha rivojlanmaydi. Chuqur, namni o‘zlashtiruvchi, yumshoq, organik moddalarga boy, oziq moddalarni yengil o‘zlashtiradigan qumloq tuproqlarda yetishtirish yaxshiroq. Gumusga boy tuproqlarda salat mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, ayniqsa, azotli o‘g‘itlarni berish juda samarali natija beradi. Salatni bitta dalaga ketma-ket ekish yaxshi emas. Takroran yana o‘sha dalaga ekilsa, kasallik va zararkunandalari ko‘payib ketadi. Uni pomidor, qovoqdoshlar oilasi, shirin jo‘xori, lavlagi va sabzi kabi sabzavotlar bilan almashlab ekish mumkin.
Ekish muddati va usullari
O‘zbekistonda salat bargining 3-5 ta haqiqiy barg chiqargan, 20-25 kunlik ko‘chati asosiy joyga, yaʼni issiqxonalarga fevral va aprel oylarida ekib yetishtiriladi. Parniklarda esa u mart-iyun oylarida ekib yetishtiriladi. Yengil plyonkali qurilmalarda qish oldi va erta bahor davrlarida ekib o‘stiriladi. Parniklarda bargli salatni navlariga qarab 10×10, 15×15 va 20×20 sm masofada, issiqxonalarda 4-5 qatorli kichik egatlarga, egatlar orasini 15-20 sm, qatorda o‘simliklar orasini 10-15 sm qilib ekiladi.
Parvarishlash
O‘simliklarni parvarishlash sug‘orish, oziqlantirish, egatlar orasini yumshatish, begona o‘tlarni yulish va yagana qilishdan iborat. Salatni kamroq, ammo katta meʼyorda sug‘orish (1 m2 ga 2-3 l har 5-7 kunda), shundan so‘ng inshootni shamollatish kerak, chunki meʼyoridan oshiq namgarchilik o‘simliklarning zamburug‘ kasalliklari bilan zararlanishiga olib keladi. Tuproq namligi 70-80%, havo namligi – 60-70% bo‘lishi kerak. Sug‘orilgandan so‘ng, o‘simliklar bir-biriga tutashib ketmasdan egatlar orasi yumshatilishi zarur. O‘simlik azotli va kaliyli o‘g‘itlar
bilan ikki marotaba oziqlantiriladi, bunda birinchi oziqlantirish ko‘chat ekilgandan so‘ng 5-7 kun o‘tgach (10 l suvga 60-80 g ammiakli selitrani eritib), ikkinchi marta esa birinchi oziqlantirishdan 7-10 kun o‘tgach (10 l suvga 40 g ammiakli selitra va 15 g kaliy tuzini eritib), oziqlantiriladi. Salat o‘simligining har xil navlarini kichik hajmli gidroponika sharoitida ham o‘stirish mumkin. Bu usulda qisqa muddatda sifatli mahsulot olinadi, ammo o‘ziga xos xarajatlarni talab etadi.
Hosilni yig‘ib olish
Hosil ko‘chat ekilgandan so‘ng 30-40 kundan keyin yig‘ishtiriladi, bunda o‘simlik ildizi bilan sug‘urib olinib, silkitib tuproqdan tozalanadi va yashiklarga zich qilib joylashtiriladi. Erta bahorda mahsulotni barvaqt olish uchun uni kuzda yoki erta bahorda ekib, hosilni may oxiri yoki iyunning birinchi o‘n kunligida olish mumkin. Aysberg salatini yig‘ishda va sotishda so‘ligan, dag‘al va sarg‘aygan barglari bo‘lmasligi kerak. Plyonkali issiqxonalarda uning hosildorligi 1 m2 dan 3-4 kg, kichik hajmli plyonkali inshootlarda 2-2,5 kgni tashkil qiladi. Bargli salatni salqin xonalarda, yuqori namlikda saqlash tavsiya etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: