2022-yil 30-sentyabr kuni qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Vengriya qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shandor Farkash hamda Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti (MATE) rektori Chaba Dyurich bilan istiqbolli muzokaralarni o‘tkazdi.
Aziza Voitov va Vengriya qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shandor Farkash bilan uchrashuv davomida hamkorlikni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlari muhokama etildi. Jumladan, Vengriya tomoni raqamlashtirish, davlat xaridlari tizimi, subsidiyalash, narx-navoni shakllantirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, agrar sektorni sug‘urtalash kabi sohalarda tajriba va ishlanmalar bilan bo‘lishishga, shuningdek, O‘zbekiston tomonini g‘alla yetishtirishning mahalliy texnologiyasi, g‘allachilik xo‘jaliklari va qayta ishlash korxonalari faoliyati bilan tanishtirishga tayyor ekanini bildirdi. Tomonlar ixtisoslashgan mutaxassislarni jalb qilgan holda qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh platformasini yaratishga kelishib oldilar. Ilk uchrashuvni 2022-yil oxiriga qadar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Tomonlar O‘zbekiston Prezidentining tashrifi doirasida imzolash uchun salmoqli hujjatlar to‘plamini tayyorladilar. Ularda bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaligi, kartoshkachilik, uzumchilik, baliqchilik, shuningdek sug‘urta, agrar fan va taʼlim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha barcha qo‘shma rejalar belgilab berilgan.
“Vengriya urug‘chilik, bog‘dorchilik, baliqchilik va boshqa yo‘nalishlarda o‘zining yetakchi ilmiy-tadqiqot ishlari hamda tajribasiga ega bo‘lib, investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun istiqbolli hamkor hisoblanadi. – deya taʼkidlab o‘tdi muzokaralar chog‘ida Aziz Voitov. – Bugungi kunda O‘zbekiston-Vengriya o‘rtasida ilm-fan sohasidagi hamkorlikning yorqin natijasi sifatida Toshkent viloyati AKIS markazidagi Kartoshkachilik markazini ko‘rsatib o‘tish mumkin. 2021-yilda uning bazasida O‘zbekiston tuproq-iqlim sharoitida Vengriya kartoshkasining oltita navi sinovdan o‘tkazilib, 760 kilogramm hosil olingan edi. Olti navdan beshtasi istiqbolli nav sifatida Davlat reestriga kiritilgan. Joriy yilning may oyida 52 ming mini tuganaklar Toshkent viloyatida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ITIda ko‘paytirish uchun ekildi, o‘zbek-venger markazining o‘zida esa ushbu navlarning in vitro usulida virussiz ko‘paytirish ishlari tashkil etildi”.
Tomonlar O‘zbekiston-Vengriya markaziga kelgusi yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan molekulyar diagnostika laboratoriyasidan samarali foydalanish bo‘yicha o‘quv dasturini tashkil etishda ko‘maklashishga kelishib oldilar. Mazkur loyihani samarali amalga oshirish uchun Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti (MATE)ni bosh maslahatchi etib tayinlash taklif etildi.
Aziz Voitovning Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti (MATE) rektori Chaba Dyurich bilan uchrashuvi xuddi shu kuni Kaposhvar shahrida ushbu OTM tomonidan tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi yarmarkasi va “Qishloq tumanlarini rivojlantirish bo‘yicha anjuman” vaqtida o‘tkazildi.
MATE Vengriya va Markaziy Yevropadagi eng yirik qishloq xo‘jaligi universiteti hisoblanadi. U 2000-yilda ikkita ixtisoslashtirilgan OTMni integratsiya qilish yo‘li bilan tashkil etilgan va bugungi kunda Budapesht, Dyondyosh, Kaposhvar va Kestxeyada kampuslari bor, shuningdek, 11 ta ilmiy-tadqiqot institutlariga ega. OTMda 16 522 talaba (2 234 nafar horijiy) tahsil oladi, o‘qituvchi professorlar tarkibi esa 985 nafar xodimdan iborat. 45 ta akademik dasturlar ingliz tilida olib boriladi.
Uchrashuv davomida Vengriyaning MATE universiteti va Markaziy Osiyodagi eng yirik hisoblangan Toshkent davlat agrar universiteti o‘rtasida akademik hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Hujjat qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, qo‘shma laboratoriya tadqiqotlari hajmini ko‘paytirish, mexanizatsiya, uzumchilik, bog‘dorchilik, oziq-ovqat xavfsizligi va boshqa yo‘nalishlarda bilim, mutaxassislar va talabalar almashinuvini taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, bu AKIS huzuridagi Kartoshkachilik markazi negizida O‘zbekiston-Vengriya hamkorligini yanada takomillashtirish imkonini beradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: