O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda Koreya davlatida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Delegatsiya vakillari “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilikda ilg‘or texnologiyalar o‘quv markazini tashkil etish” loyihasi doirasida Koreya qishloq xo‘jaligi boshqaruv tizimi, meva-sabzavotchilik sohasidagi tajribasi bilan yaqindan tanishish va loyiha bo‘yicha kelgusida bajariladigan ishlar borasida kelishib olish maqsadida turli qishloq xo‘jaligi obyektlarini o‘rganib, koreyalik hamkasblari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Dastlab delegatsiya aʼzolari Koreya qishloq xo‘jaligi sohasida samarali foydalanib kelinayotgan lowtech, middletech va hitech usulidagi issiqxonalar bilan tanishib chiqishdi. Bu issiqxonalarda asosan sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi. Tanishtiruv davomida hamrohlik qilgan koreyalik professor olimlar ushbu yo‘nalishdagi muammo va yechimlar, issiqxona xo‘jaligini yuritishda eʼtibor beriladigan jihatlar haqida gapirib berishdi.
Uchrashuvlar chog‘ida ikki tomonlama taqdimotlar qilinib, qiziqtirgan savollarga javoblar olindi. Shuningdek, kartoshkachilik sohasida 5 mln AQSH dollarlik yangi loyihani amalga oshirish bo‘yicha vazir maslahatchisi Alisher Shukurov muzokaralar olib bordi.
2021-2025-yillarga mo‘ljallangan 4 mln AQSH dollarlik “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilikda ilg‘or texnologiyalar o‘quv markazini tashkil etish” loyihasini amalga oshirishdan asosiy maqsad fermerlarning qishloq xo‘jaligi texnologiyalari bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish orqali meva-sabzavotchilik sohasini yana-da rivojlantirishdan iborat. Bundan tashqari, loyihaga qo‘shimcha ravishda 2022-yil 14-iyulda “Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-321-son qarori qabul qilindi.
Mazkur loyihaga ko‘ra, Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi Qishloq xo‘jaligida bilim, innovatsiyalar va agroxizmatlar AKIS markazida o‘quv markazi, issiqxonalar, ko‘chatchilik xo‘jaliklarini qurish rejalashtirilgan. O‘quv markazida besh yil davomida o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi ishtirokchilari, fermer va dehqonlar o‘qitiladi, shuningdek, Koreya respublikasida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: