Respublikada barcha toifadagi xo‘jaliklarda jami 22,8 ming gektar maydonda 256,4 ming tonna olxo‘ri hosili yetishtirilishi kutilmoqda.
Shundan, fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 18 ming gektardan 180,7 ming tonna hamda aholi tomorqa maydonlarida 4,8 ming gektardan 75,7 ming tonna hosil olinadi.
Mamlakatimizda 2022-yilda 2,0 ming gektardan ortiq yangi olxo‘ri bog‘lari tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi davlat reesrtiga olxo‘rini 8 ta navlari kiritilgan. Olxo‘ri navlari turli-tuman bo‘lganligi uchun eng ko‘p tarqalgan meva turi hisoblanadi.
Olxo‘ri mevasi tarkibida 14-21% gacha shakar, 0,15-1,35% gacha turli kislotalar, 0,15-1,5% gacha oshlovchi moddalar va С vitamini bor. Olxo‘ri mevasi yangiligida va qayta ishlangan holda isteʼmol qilinadi. Undan qoqi, kompot, murabbo, povidlo, pastila, marmelad, sharbat va boshqalar tayyorlanadi. Yangi uzilgan olxo‘ri mevasidan va qoqisidan tabobatda singa kasalligiga qarshi vosita sifatida foydalaniladi. Olxo‘ri mevalarining tarkibida vitaminlar va minerallar ko‘pligi jihatidan boshqa mevalarga nisbatan yetakchi o‘rinlarda turadi. Meva sharbati kaliyga boyligi bois, tanadagi shishlarni qaytaradi. Unda yengil hazm bo‘ladigan qand, organik kislota, dag‘al tolali to‘qima (kletchatka), foydali uglevodlar, o‘simlik oqsili va kam miqdorda yog‘ uchraydi. Olxo‘ri sharbati peshob haydovchi bo‘lgani uchun gipertoniyada, safro haydovchi sifatida o‘t qopi kasalliklarida ichish yaxshi samara beradi. Olxo‘ri sharbati organizmdagi ortiqcha xolesterinni ichakdan qonga so‘rilishiga yo‘l qo‘ymaydi, uni tashqariga chiqarib yuboradi. Semizlikni oldini olishda foydasi bor. Yuqori qon bosimi, buyrak kasalliklarida isteʼmol qilinsa, organizmdagi ortiqcha tuz va yog‘larni eritib yuboradi. Olxo‘ri sharbati (ayniqsa, uning to‘q ranglisi) tarkibida fitonsid ko‘pligi sababli meʼda-ichak yo‘llari va og‘iz bo‘shlig‘ini mikroblardan tozalaydi. Olxo‘ri qoqi – oshqozon-ichak yo‘li faoliyatini yaxshilashda ajoyib vositadir. U qabziyatdan halos qiladi va ovqat hazm qilish jarayonini tartibga soladi. Shuningdek, gipertoniyadan aziyat chekadigan, yurak va jigar kasalliklari bo‘lgan insonlar uchun ham foydalidir. U revmatizm kasalligida ham samarali vosita, tarkibidagi A vitamini esa ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi.
Sovuqqa chidamli, hosildor ekin. Olxo‘ri (Prunus mill) turkumiga 34 ta tur kiradi. Dunyo bo‘yicha uning 3 ta asosiy: Sharqiy Osiyo, Yevropa-Osiyo va Shimoliy Amerika markazi bor. Yevropa-Osiyo guruhiga mansub olxo‘ridan olcha mevali tog‘ olcha, tikanli olcha, xonaki olxo‘rilar mavjud. Sharqiy Osiyo guruhidan ussuri va tol bargli xitoy olxo‘risi, ayniqsa, ahamiyatlidir.
Olxo‘ri daraxti 3-4 metrgacha yetadi. Bir tupidan 100 kilogramm va undan ham ortiq hosil olinadi. Xonaki olxo‘ri shaftoli, o‘rik va gilosga qaraganda sovuqqa ancha chidamli. Tez hosilga kiradi, kech gullaydi, shu tufayli har yili hosil beradi. Uning ertaki navlari iyunda, kechki navlari sentyabrda pisha boshlaydi.
Baʼzi kechki navlar (Qora olu) kech kuzgacha yaxshi saqlanadi. Olxo‘ri kech gullaganligi bois, erta bahordagi sovuq unga taʼsir qilmaydi, deyarli har yili hosil qiladi. Respublikamizning tog‘ etagi-tog‘li zonalar ham olxo‘ri o‘stirish uchun juda qulaydir. U yer osti suvlari 1,5 metr dan 4 metrgacha chuqurlikda joylashgan sug‘oriladigan og‘ir soz, bo‘z tuproqli yerlarda va daryo sohillaridagi o‘tloq tuproqli yerlarda ham yaxshi o‘sadi. Unga tog‘olcha yoki o‘zi (olxo‘ri)ning urug‘ ko‘chatlari payvandtag bo‘ladi. Olxo‘rini shaftoliga ham payvand qilish mumkin. Shunda u barvaqt hosilga kiradi, shox-shabbasi unchalik katta bo‘lib o‘smaydi, lekin daraxtlarining umri qisqa bo‘ladi. Uning ildiz qismi tuproqqa yuza joylashganligidan va suvga talabchanligidan o‘sish davrida kamida 6-8 marta sug‘orish va har galgi sug‘orishdan keyin yerni yumshatish kerak. Olxo‘ri ko‘chatlari doimiy boqqa ekilgandan 3-4 yildan keyin hosilga kiradi, 7-8 yildan keyin to‘liq hosil bera boshlaydi. To‘liq hosilga kirgan “Berton”, “Saxarnaya” kabi navlarining har tupidan 120-150 kilogrammgacha hosil olish mumkin.
Olxo‘rining quyidagi serhosil va mashhur: “Berton”, “Vengerka domashnyaya”, “Vengerka fioletovaya navi”, “Vashington”, “Ispolinskaya”, “Superior”, “Chernosliv Samarqandskiy”, “Yarxi”, “Prezident”, “Ko‘ksulton” navlari mavjud.
Olxo‘ri mevasini terib olish va saqlash. Mevalarni yig‘ib-terib olish muddati ularning turi va nav xususiyatlariga, mahsulotga qo‘yiladigan talabga va ular qanday maqsadlarda foydalanilishiga qarab belgilanadi. Meva bandining oson uzilishi, rangining sarg‘ayishi, uning yiriklashishi va po‘stining yumshab, suvli bo‘lishi uning pishganidan darak beradi. Pishish jarayonida mevadagi quruq moddalar miqdori ortgani sayin kislota miqdori kamayadi.
Olxo‘ri mevalari asosan iyun-sentyabr oylarida pishib yetiladi. Eʼtiborlisi, turli navlar turlicha muddatda pishadi. Uzoq muddat pishib turadigan olxo‘ri navlari bir mavsumda uch martadan besh martagacha terib olinadi. Shuning uchun mevalar bandi bilan uzib olinadi.
Uzoq masofalarga jo‘natiladigan yozgi va kuzgi navlar juda pishib yetilmasidan (texnik yetilganda) terib olinadi. Quritish, qayta ishlash va yangiligida isteʼmol qilish uchun mo‘ljallangan mevalar isteʼmol qilishga yaroqli bo‘lib, pishgan davrda, yaʼni mevaning taʼmi, rangi shu navga xos bo‘lgan vaqtda terib olinadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: