Malina tomorqalarda keng tarqalgan qimmatli rezavor ekin. Uning mevasi o‘zining ajoyib mazasi va xushbo‘y hidi bilan ajralib turadi, u isteʼmol qilinuvchi mahsulot sifatidagina qimmatli bo‘lmay, balki shifobaxsh hamdir.
Malina (xo‘jag‘at) raʼnoguldoshlar oilasi (Rosaceae Juss.), Rubus L. turkumi, malina kichik turkumiga (Idaeobatus Focke) mansub. Rubus turkumi turlari tekislikdan boshlab butun dunyoning deyarli barcha baland tog‘lariga tarqalgan, juda moslashuvchan xususiyatlarga ega, antropogen taʼsirga chidamli, madaniy, sunʼiy va o‘z-o‘zidan gibridlanadi va vegetativ ko‘payishi bilan ajralib turadi.
Tibbiyotda malinadan terlatuvchi hamda isitmani tushiruvchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Mevasining tarkibida shakar 5-10 % gacha, organik kislotalar 0,5 dan 2,5 % gacha, B1, B2, B6, B9, B12, C, D, E, PP, P, K vitaminlar va boshqa moddalar bor.
Malinaning shifobaxshligi qadim zamonlardan maʼlum. Uning quritilgan gulidan olinadigan damlamasi ilon va chayon chaqqanda qo‘llanilgan. Tarkibidagi shakar, organik kislotalar, C, P, B9 vitaminlari hamda gematogen birikmalarining garmonik birikkanligi tufayli malina mevasi yara kasalliklari, kamqonlik, qon tomirlari xastaliklarida juda foydali. Yuqori nafas yo‘llariga antiseptik taʼsir ko‘rsatish hamda shamollashning oldini olish xossalariga ega bo‘lgan antibiotiklarga boy.
Malina gullash davrining nisbatan uzoqroq davom etishi, shuningdek yomg‘irli ob-havoda ham saqlanadigan nektar (gulshira)ga boyligi tufayli asal olinuvchi aʼlo darajadagi o‘simlik tarzida ham mashhurdir.
Malina chirindiga boy, suvni yaxshi o‘tkazuvchi qumloq va qumoq tuproqli yerlarda yaxshi o‘sadi va mo‘l hosil beradi. Og‘ir tuproqli, sho‘rxoq, botqoq, karbonati ko‘p yerlarda malinani ekish yaramaydi. Malinaning ildiz tizimi haydaladigan qatlamda gorizontal joylashadi. Shuning uchun yer qanchalik chuqur bo‘lsa, unda oziq moddalar va nam shunchalik ko‘p to‘planadi.
Hozirgi kunda malinaning bir qancha quyidagi navlari mavjud: Progress, Visluxa, Kolokolchik, Barnaulskaya, Vladimir, Gerakl, Ona dudu, Xeritej, Lyachki, Malboro, Fakel, Ogonyok, Doch Visluxi.
Navlar tasnifi
“Xeritej” — Amerika seleksiyasiga oid remontant nav. Juda yaxshi changlanadi, usti ochiq va himoyalangan maydonlarda yetishtirish uchun birdek mos keladi. Ushbu nav qurg‘oqchilikka chidamli, kuchli ildiz qismiga ega. Ammo mevalari ko‘payish vaqtida yetarli darajada sug‘orilishi kerak, aks holda mevalari mayda bo‘lib qoladi. Xeritej navidan qayta ishlashda foydalanish mumkin. Ayniqsa, muzlatilganidan keyin ham taʼm xususiyatlarini juda yaxshi saqlab qoladi. Transportda tashuvchanligi yuqori.
“Barnaulskaya navi” – Rossiyaning Oltoy o‘lkasi Barnaul viloyatida joylashgan Sibir bog‘dorchilik ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan. O‘simlik o‘rta bo‘yli (1,5-2 m). Tupi o‘rtacha tarvaqaylagan, ildiz bachkilari ham o‘rtacha miqdorda. Mevasi cho‘zinchoq, och-qizil, tig‘iz, shirin taʼmli. Bitta mevasining o‘rtacha og‘irligi 1,5-2 g. Mevasi iyunning boshida pishadi. Meva pishish muddati 25-30 kun. O‘rtacha hosildorligi har bir tupidan 400-500 g. Nav nisbatan qishga chidamli.
“Visluxa” – Rossiya xalq seleksiyasining jaydari navi. Mevalari o‘rtacha va yirik hajmda, qizil, yaltiroq rangli, dumaloq shaklda. Urug‘lari ko‘p emas, yirik, mevasiga yopishib turmaydi, guldoni mayda, doira shaklli. Mevabandi tikanakli. Mevalari nozik, xushbo‘y hidli, yoqimli nordon-shirin taʼmli, bitta mevasining o‘rtacha massasi 2 g gacha keladi. Hosildorligi bir tupdan 500 g gacha. Nav qishga chidamli.
“Malboro” – Amerikadan keltirilgan nav. Toshkent, Andijon, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari atrofidagi dehqon xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqalarda o‘stirilmoqda. Bog‘bonlarga nihoyatda maʼqul kelgan nav. Mevasi dumaloq yoki bir oz botiq bo‘ladi, qizil, yirik, bitta mevasining o‘rtacha og‘irligi 2,1 g. Urug‘lari o‘rtacha kattalikda. Mevasi 13-15-iyunda pishib yetiladi, hosil berish muddati 27-45 kun. O‘rtacha hosildorligi har tupdan 350-400 g.
“Progress” – Rossiyadan keltirilgan nav. Malboro va Texas navlarini chatishtirish yo‘li bilan olingan remontant nav. Serhosilligi va ajoyib texnologik xususiyatlari bilan ajralib turadi. Mevasi yirik (3 g gacha), cho‘zinchoq, dumaloq shaklda, to‘k qizil, mazasi yaxshi, urug‘lari yirik-yirik, chuqur burishiqli. Iyunning birinchi o‘n kunligidan pisha boshlaydi, meva berishi bir yillik novdalarida kuzgi sovuqqacha davom etadi. Hosildorligi bir tupdan 1100 g gacha. Nav issiq va sovuqqa chidamli, O‘zbekiston sharoitida tomorqa uchun yaxshi, chunki yozning ikkinchi yarmi (avgust)da ikkinchi marta hosil beradi. Ikkinchi marta hosilida mevalari yirik dona-dona bo‘lib yetiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: