Respublika bo‘yicha 2023-yil hosili uchun joriy yilda barcha toifa xo‘jaliklari tomonidan 47,1 ming gektar, shundan, fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 10,6 ming gektar yer maydonlarga avgust-sentyabr oylarida sarimsoqpiyoz ekinini ekish rejalashtirilgan. Ushbu maydonlardan 458,2 ming tonna mahsulot yetishtirish belgilangan.
To‘qsonbosti ekin sifatida.
Sarimsoqpiyozning kuzgi shakl navlarini kuzda yoki kech kuzda ekish kerak. Kuzgi navlar yaxshi saqlanmasligi, lekin bahorgiga qaraganda serhosilligi bilan ajralib turadi. Ularning ildizlari yaxshi rivojlanmagan bo‘lib, namga talabchan. O‘zbekistonda kuzda yoki kech kuzda ekib o‘stiriladigan, gulpoya hosil qiladigan mahalliy navlar tarqalgan. Sarimsoqpiyoz ekiladigan dala tekis va quyosh nuri tushadigan joy bo‘lishi kerak. U quruq kontinental iqlimli hududda ham, namli subtropik sharoitda ham o‘sa oladi. Lekin, turli iqlim hududlarida uning shu iqlimga moslashadigan mahalliy navlarini ekish kerak.
Biologik xususiyatlari.
Sarimsoqpiyoz turli iqlim sharoitiga tez moslashuvchan, qurg‘oqchilik yerlarda ham o‘sadigan sabzavotlardan hisoblanadi. Sovuqqa chidamli bo‘lib, -3-5 daraja haroratda ko‘kara boshlaydi, -7-8 daraja sovuqqa bardosh beradi. Sarimsoqpiyoz ekilgandan so‘ng harorat -8-10 daraja bo‘lsa, 10 kunda unib chiqadi, harorat undan yuqori va tuproq namligi yetarli bo‘lsa, pallalarining nihol hosil qilishi yanada tezlashadi. Piyozboshlar hosil bo‘lishi va pishish vaqtida sarimsoqpiyoz iliq quyoshli ob-havoga ehtiyoj sezadi. U yorug‘likka ham ancha talabchan va uzun kun o‘simligidir. Uning uzoq vaqtni oladigan piyozbosh hosil bo‘lishi va pallalar hosil qilish jarayoni bir necha oy davomida sekin rivojlanadi.
Sarimsoqpiyoz o‘simligi mexanik tarkibi yengil, unumdor, loyqalangan yerlarda, shuningdek, soz tuproqli va yaxshi o‘g‘itlangan qumloq tuproqli yerlarda, tarkibida 5% gumus bo‘lgan tuproqlarda yaxshi o‘sadi. Mexanik tarkibi og‘ir yerlar va sho‘rlangan yoki botqoqlangan yerlarda unchalik yaxshi o‘smaydi.
Sarimsoqpiyoz asosan pallasidan ekiladi. Ekishdan uch-to‘rt kun oldin pallalarga ajratiladi, saralanadi, kasallangan, ezilgan hamda maydalari ajratib tashlanadi. Uni o‘rtacha va o‘rtachadan kattaroq, yaʼni og‘irligi 2-6 g dan kam bo‘lmagan pallalari ekiladi. Shuni aytish kerakki, qancha yirik pallalar ekilsa, hosil shuncha yuqori bo‘lishi tajribalarda isbotlangan.
Sarimsoqpiyoz qish mavsumiga kirgungacha o‘simlikning yer ustki va ostki qismlari kuchli rivojlanib ulgurishi, uning qattiq xatarli sovuqlarga chidamliligini oshiradi. Shuning uchun kuzdagi parvarish muhim bo‘lib, sarimsoqpiyoz maysalaydi va maysalashidan keyinroq tuproq yuzasini yengil (5-6 sm.) chopiq qilish orqali begona o‘tlar yo‘qotiladi. Odatda birinchi chopiqdan so‘ng yana sug‘oriladi, keyingi chopiq chuqurroq, yaʼni 8-10 sm. qilib qo‘lda chopiladi, begona o‘tlardan tozalanadi va o‘simliklarni tuproq bosmasligi uchun egatlar olinadi.
Nav namunalari.
Respublika sharoitida sarimsoqdan yuqori sifatli hosil olish uchun navlarni to‘g‘ri tanlash kerak. O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga kiritilgan sarimsoq navlarining nomi “Yujno-fioletoviy”, “Chidamli” “Mayskiy VIR” va boshqalar .
Eslatma!
Sarimsoqpiyozni piyozli ekinlardan bo‘shagan yerlarga ekish yaxshi emas, chunki kasallik va zararkunandalar ko‘payishi o‘simlikka salbiy taʼsir ko‘rsatib, hosildorlik va sifatni pasaytiradi. Sarimsoqpiyozni o‘zi ekilgan maydonga uch-to‘rt yildan so‘ng takroran ekish mumkin. Chunki bu muddatda ekilsa, u turli xildagi zamburug‘ va virusli kasalliklarga kam chalinadi va ko‘pgina sabzavotlar uchun yaxshi o‘tmishdosh hisoblanadi.
Hosilni yig‘ishtirish.
Sarimsoq pishib yetilganda barglari sarg‘ayib, soxta poyasi so‘lib, quriy boshlaydi, sarimsoq boshining sirtqi qobiqlari yupqalashadi, quriy boshlaydi va rangi o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘ladi. Ana shu paytdayoq hosilni yig‘ishtirish lozim. Yig‘im-terim kechiktirilsa, piyozboshlari pallalarga ajralib ketadi, bu esa hosil dalaning o‘zidayoq nobud bo‘lishiga, mahsulot sifati hamda saqlashga yaroqlilik qobiliyati pasayishiga sabab bo‘ladi. Uning hosilini yig‘ishtirish muddati iyun-iyul oylaridir. Ekinni yig‘ishtirib olishga 20-30 kun qolganda sug‘orish to‘xtatilishi shart.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: