“Azerkosmos” OAJ yo‘ldoshli aloqa va kosmik suratlarni yetkazib berish bo‘yicha Ozarbayjonning milliy operatori hisoblanadi. U iqtisodiyotning turli sohalari, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida kosmik suratlarni tahlil va yerlarini monitoring qilish bo‘yicha qator ishlanmalariga ega.
Jamiyatning xizmatlari va takliflari bilan tanishish, hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida Geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi va Ozarbayjon Respublikasi “Azerkosmos” OAJ Azerspace va Azersky tijorat departamenti boshlig‘i, Azersky sunʼiy yo‘ldosh tasvirlarini qayta ishlash guruhi menejerlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda ushbu jamiyatning qishloq xo‘jaligi yerlarining elektron ko‘rinishdagi xaritalarini tuzish, paxta va tamaki ekinlarining unib chiqishi va rivojlanishini nazorat qilish bo‘yicha bajargan ishlariga oid maʼlumotlar berildi. Shuningdek, paxta dalalaridagi hosildorlikni bashorat qilish, sho‘rlangan tuproqlarni tasniflash, issiqxonalarning kosmik monitoringini olib borish, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi va WebGIS platformasi to‘g‘risida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha fikrlar taqdim etildi.
Tadbirda vazirlik masʼulligida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish loyihalari, jumladan, Geoaxborot tizimi va uni takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar, “Raqamli qishloq xo‘jaligi” platformasi tarkibiga kiruvchi va loyihalanayotgan tizimlar, yerni masofadan zondlash va sunʼiy intellekt texnlogiyalarini qo‘llashni kengaytirish bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi birga amalga oshirilayotgan yuqori aniqlikdagi kosmik suratlarni qabul qilish va tahlil qilishga doir pilot loyihaning ayni paytdagi holatiga to‘xtalinib, “Azerkosmos” OAJ bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: