2022-yil 15-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti bo‘lib o‘tadi. Mamlakatimiz bu yil unga raislik qilmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatnomasida O‘zbekistonning ShHTga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to‘g‘ri kelganini – bir tarixiy davr nihoyasiga yetayotgani hamda bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanayotganini ta’kidladi.
U xalqaro hamkorlik barcha darajalardagi davlatlararo hamkorlikning eng muhim vositasi ekaniga alohida e’tibor qaratdi. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar mamlakatlar o‘rtasidagi turli kelishmovchiliklarni yengib o‘tish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni rag‘batlantirishga yordam beradi.
Prezident ShHT madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilma ekanini ta’kidladi. Tarixan qisqa davrda SHHT katta yo‘lni bosib o‘tib, global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylandi, deb qat’iy ishonch bilan aytish mumkin. Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni ilgari surishdadir.
“Bugungi kunga kelib ShHT hamjamiyati – ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotdir.
Yangi sinovlar va imkoniyatlar vujudga kelayotgan bugungi dunyoda ShHTning transformatsiyasi va yuksalishi uchun nafaqat a’zolar sonining ko‘payishi hisobiga, balki tashkilot rivojining yangi strategik yo‘nalishlarini ilgari surish orqali keng istiqbollar mavjud. Bu o‘rinda gap transport va o‘zaro bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformasiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim yo‘nalishlar haqida bormoqda, — dedi Prezident oʻz murojaatida. – Bizning asosiy shiorimiz – “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina, ShHT kuchli bo‘ladi”. Uni amalda ro‘yobga chiqarish yo‘lida Tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlarimiz uchun yanada jozibador bo‘lishiga erishish uchun jiddiy harakat qildik”, – deya qo‘shimcha qildi u.
Hulosa o‘rnida prezident Samarqandda biz ShHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh bo‘lishimiz – Tashkilotning tarkibi kengayib, uning kelajak kun tartibi shakllanishi va bunda chuqur ramziy ma’no mujassam ekanini aytib o‘tdi.
Manba President.uz
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: