2022-yil 29-avgust kuni Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) xalqaro ekspertlari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlari uchun trening o‘tkazdi. Trening “Geografik ko‘rsatkichlar orqali barqaror oziq-ovqat tizimlarini mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda Turkiya, Moldova ekspertlari, FAO mutaxassislari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa vazirlik xodimlari ishtirok etdi.
Trening davomida Turkiya patent va tovar belgilari idorasining Geografik ko‘rsatkichlar bo‘limi boshlig‘i Hakan Qiziltepe Turkiyadagi intellektual mulk huquqlari va geografik ko‘rsatkichlar tizimi haqida taqdimot o‘tkazdi va geografik ko‘rsatkich logotiplari, tovar belgilari va boshqa sifat belgilari o‘rtasidagi farqlarni tushuntirib berdi. Moldovalik hamkasblar Moldovada geografik ko‘rsatkichlarni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. FAO mutaxassisi esa geografik ko‘rsatkichlarning joriy etilishi fermer xo‘jaliklari daromadlarining oshishi va qishloq joylarni barqaror rivojlantirish yo‘lida qanday xizmat qilishi haqida so‘zladi.
O‘zbekiston qishloq hududlarini geografik ko‘rsatkichlarni keng joriy etish orqali rivojlantirish FAOning “Geografik ko‘rsatkichlar orqali barqaror oziq-ovqat tizimlarini mustahkamlash” loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi. Loyihaning amalga oshirilishi qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga marketing strategiyalarini belgilash imkonini beradi va shu orqali iste’molchilarning xabardorligini oshiradi hamda bozor ishtirokchilarining o‘zaro manfaatdorligini ko‘paytiradi.
Ma’lumot
Geografik ko‘rsatkichlar tovarlar va mahsulotlarning geografik kelib chiqishining o‘ziga xos belgilari bo‘lib, ularning sifati va o‘ziga xos xususiyatlarining kafolati sanaladi. O‘zbekiston Respublikasining yaqinda qabul qilingan “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi Qonuni tufayli kelib chiqish joyi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan an’anaviy tovarlar O‘zbekistonda “geografik ko‘rsatkich” maqomini olishi va intellektual mulk obyekti sifatida huquqiy himoyaga ega bo‘lishi mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: