Toshkent davlat agrar universitetida “O‘zbekistonda Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda asalarichilik resurslarini rivojlantirish va takomillashtirish” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Andong Milliy universitetining rektori Kwon Soon Tae, xalqaro ishlar bo‘yicha prorektori Kim Byeung Gyeu, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ik Jo Cnunlar qatnashishdi.
Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetining birinchi prorektori Sohibjon Islomov, moliya ishlari bo‘yicha prorektor Aziz Abduvosiqov hamda o‘quv ishlari prorektori Umirbek Jumaniyozovlar ishtirok etishdi. Jumladan, Agrar universitetidan kafedra mudirlari va grant ishtirokchilari ham tadbir ishtirokchisiga aylanishdi.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, Koreya milliy ilmiy tadqiqotlar fondi (NRF) hamda Koreya ixtirolarni oldinga surish assotsiatsiyasi (KIPA) ushbu loyihani moliyalashtiradi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda asalarichilik mahsulotlarini sertifikatlashtirish laboratoriyasi va o‘quv xonasi tashkil etiladi. Laboratoriya uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskuna va jihozlar Koreyadan keltiriladi. Loyiha 3-5 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, 2,5-3 mllion dollar miqdorida mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida kelgusida asalarichilikda ishlatiladigan asbob-uskunalar, jihozlar va mexanizmlar, sohadan olinadigan mahsulotlar (asalari suti, asalari zaxari, perga, propolis, mum va boshqalar), davolash va profilaktika ishlarini olib borish uchun zarur bo‘ladigan dori vositalari namoyish etadigan ko‘rgazma markazi tashkil etiladi. Kelajakda O‘zbekiston brendi asosida chiqarilayotgan asal va asalarichilik mahsulotlarini xorijiy davlatlarga sotishda ko‘maklashish ham aynan ushbu loyihaning maqsadlaridan.
Shuningdek, tomonlar o‘rtasida Andong milliy universiteti hamda Toshkent davlat agrar unversiteti o‘rtasida asalarichilik, o‘simlikshunoslik, bog‘dorchilik, oziq-ovqat va boshqa yo‘nalishdarda kadrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi. Yurtimizda asalarichilikni yanada rivojlantirish maqsadida Toshkent agrar universitetining 3-bosqichini tamomlagan talabalar 4-bosqichni hamda magistratura va doktoranturada tahsil olayotgan talabalar Andong universitetida o‘qib, tajriba oshirishi mumkin bo‘ladi.
Tadbir yakunida ikki tomon o‘zaro hamkorlik Memorandumini imzolashdi hamda bir-birlariga esdalik sovg‘alarini topshirishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: