Bilasizmi, “limon” so‘zining kelib chiqishi xitoy tiliga oid bo‘lib, tarjimada “onalar uchun foyda” degan ma’noni anglatadi. Limonning foydasi haqida ko‘pchilik biladi, birorta ham shamollash usiz davolanmaydi, limon tibbiyot va kosmetologiyada keng qo‘llaniladi. U qayerda va qanday yetishtiriladi, O‘zbekistonda limonning qanday navlari bor va bu sitrus mevani yetishtirishda nimalarga e’tibor berish kerak? Shular va limon haqidagi yana ko‘plab ma’lumotlar bilan materialimizda tanishing.
So‘nggi paytlarda limon butun Markaziy Osiyo bo‘ylab issiqxonalarda faol ravishda yetishtirib kelinmoqda. U, ayniqsa, mo‘l hosil olayotgan O‘zbekiston va Tojikistonda keng tarqalgan. Respublikamizda limonchilik sohasida boshqaruv tizimini isloh qilish, shuningdek, limon plantatsiyalari maydonlarini kengaytirish, iqlim sharoitimiz va tashishga yaroqli navlarni yetishtirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish hajmini oshirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Issiqxonalar va laboratoriyalardagi faoliyat
Bugungi kunda o‘zbekistonlik mutaxassislar issiqxona va ochiq maydonda sitrus mevalar ko‘chatlarining yangi navlarini, shuningdek, tugunlarini (ekish uchun tanlangan ikki yillik ko‘chatlar) yetishtirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratishmoqda. Laboratoriyalarda ishlayotgan olimlar, issiqxona mutaxassislari limonning boshqa mamlakatlarga eksport qilish va tashish uchun yaroqli navlarini yaratmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-fevraldagi PQ-4610-son qaroriga muvofiq akademik M.Mirzayev, nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti qoshida respublikada limonchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish, yetakchi va zamonaviy resurstejovchi texnologiyalardan foydalanish asosida yuqori sifatli sanoat va eksportbop sitrus mevalari yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida Uyushma tashkil etilgan.
Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari mahalliy navlarning morfologik xususiyatlarini o‘rganib, serhosil va eksportbop navlarni joriy etishdi. Ularning fikricha, limonning ikki serhosil “Meyer” va “O‘zbekiston” navlarini issiqxonalar va xandaqlarda yetishtirish tavsiya etiladi. Bu navlar erta hosil beradi. Shuni ta’kidlash kerakki, “Meyer” navi Gruziyaning iqlim sharoitiga ham moslashtirilgan.
O‘zbekiston sitrus mevalarini eksport qilish hisobiga dunyoning yetakchi davlatlari orasida o‘z mavqeini mustahkamlay oladi. Shu maqsadda institut, laboratoriya va issiqxonalar mutaxassislari mahsulotlar sifati va xavfsizligini oshirish, zamonaviy navlarni saqlash, sovutish, tozalash va qadoqlash ishlarini davom ettirishmoqda.
O‘zbekistonda limon navlari “Meyer” navi – limon va apelsinning tabiiy gibridi. Bu navning limonlari bo‘yi past daraxtda o‘sadi. Barglari cho‘zinchoq, chiziqlarida kichik “qanotlari” bor. Hosil ikkinchi yoki uchinchi yildan boshlab yig‘ib olinadi, mevalar oktyabr oyida paydo bo‘ladi. Bu navning limonlari turli shakllarda bo‘ladi: cho‘zinchoq-silliq, dumaloq yoki nok shaklida, o‘rta va katta, massasi 80-100 g.ga etadi, qobig‘i nozik, silliq, to‘q sariq, o‘ziga xos iforga ega. Eti mayin, sershira, oz miqdorda urug‘lari bor: har bir mevasida 6-10 donadan. Meva qisqa muddat saqlanadi, ammo bu limonlar har yili juda ko‘p hosil beradi. Bu nav O‘zbekistonda eng keng tarqalgan bo‘lib, mo‘l va muntazam yaxshi sifatli hosil beradi. “Messenskiy limoni” navi seleksion bo‘lmagan navdir. Daraxt juda baland, shakli piramidasimon, shoxlari katta tikanli. Barglari o‘rtacha kattalikda, cho‘zinchoq, barg chiziqlarida kichik “qanotlar”i mavjud. Daraxtdan hosil uchinchi yilda yig‘a boshlanadi. Mevalar dekabr-yanvar oylarida paydo bo‘ladi. Daraxt har yili katta hosil beradi. Bu navning limonlari o‘rta va yirik bo‘lib, 100-120 g vaznga ega, shakli bir oz bo‘rtib chiqqan cho‘zinchoq. Qobig‘i qalin, och sariq rangga ega. Eti nordon, yoqimli ta’mga ega, juda iforli. Urug‘lar soni bitta limonda 6-8 tadan oshmaydi. “Pavlovskiy” navi – nav seleksionerlarning tadqiqotlari natijasi. Daraxtning balandligi
1,5-1,8 m, tikanlari ko‘p. Yiliga ikki marta mart-aprel va oktyabr oylarida gullaydi. Yangi kurtaklarning paydo bo‘lishi odatda ilgari hosil bo‘lganlarning tushishiga olib keladi. Limon qalamchalari ildiz otganidan keyin 2-3 yilda (ba’zan 4 yil) meva bera boshlaydi. Mevalar 8 oydan keyin noyabr-may oylarida pishadi. Uning silliq va yaltiroq mevalari sifati bo‘yicha respublika janubida yetishtiriladigan navlardan aslo qolishmaydi. 100 g mevada 25-57 mg C vitamini bor. Mevasining vazni 150-180 g. Mevasi nisbatan katta bo‘lgani uchun hosili past: tuvakka ekilgan bo‘lsa, limon tupidan 10-15 dona hosil beradi. Bu navga quruq havo, qorong‘ulik va yorqin quyosh nuri salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘simlikning uzun shoxlarini kesib, ularga shakl berish kerak. Turli vegetativ (qalamcha) usulda yaxshi ko‘payadi. “Novogruzinskiy” navi. Daraxt bo‘yi 2-2,5 m, juda bargli va shoxlagan. Yuqoriga qarab o‘sadigan novdalarni kesish joiz. Barglari och yashil rangda, shakli ingichka, uzunligi 12-14 sm, eni 5 sm. Yil davomida hosil beradi. Gullari katta, oq rangda. Boshqa navlardan farqli o‘laroq, u yil oxirida gullaydi va keyin meva bera boshlaydi. Myevalari tuxumsimon, vazni 110-150 g, deyarli danaksiz. Bu navning mevalari C vitaminiga boy: 10 g meva tarkibida 58 mg dan ortiqroq bo‘lishi mumkin. “Toshkent” navi. Bu nav va “Yubileyniy” navi Z.Faxriddinov tomonidan yetishtirilgan. Balandligi o‘rtacha, barglari to‘q yashil, gullari kichik. Yiliga ikki marta (bahor va kuzda) gullaydi. Nisbatan mayda mevalar beradi: 80-90 g. Po‘sti yupqa, oltin rangda. Yerda o‘stirilganda, daraxtning balandligi 1,5 dan 3 m.gacha etadi. Nurni xush ko‘radi, yuqori namlikka muhtoj.
Yetishtirish uchun sharoitlar
O‘zbekistonning iqlim sharoitida limonni faqat issiqxonalarda yetishtirish, unga sun’iy qulay muhit yaratish mumkin. Limon oktyabrda, ba’zi turlari esa dekabr-yanvarda meva bera boshlaydi. Limonning sovuqqa chidamliligi past, ya’ni 2-2,5 °C. Uning mevalari -3-4 °C da muzlab qoladi, daraxtning barglari va yosh shoxlari -6-7 °C haroratda muzlaydi va o‘simlik -8-9 °C haroratda boshdan oyoq muzlashi mumkin. Mevalarning o‘sishi va shakllanishida tuproqning holati katta ahamiyatga ega. Loyqa, strukturasi soz va juda sho‘rlangan tuproqlar limonga mos kelmaydi. U o‘rtacha qumli tuproqqa, muntazam sug‘orishga va yaxshi havo o‘tkazuvchanligiga muhtoj, bu esa tuproqni ozuqa moddalari bilan boyitishga xizmat qiladi. Issiqxonada limonni parvarishlash qimmat bo‘lishiga qaramay, sun’iy muhitda hosil yuqori bo‘ladi. Shunday qilib, xandaqlarda o‘stirganda, bir butadan 200-250 ta meva olinadi, issiqxonada esa 400-500 tagacha limon terib olish mumkin. Barqaror hosil olish uchun zarur bo‘lgan shartlardan biri o‘sish sharoitlarini muayyan bir nav talablariga moslashtirishdir. Nav sinovlari va ishlab chiqarish tajribasi shuni ko‘rsatdiki, “Meyer”, “O‘zbekiston to‘ng‘ichi” va “Villi Frank” limon navlari urug‘likdan issiqxonalarda yetishtirishga yaroqli. O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida mart oyining ikkinchi yarmida, shimoliy hududlarda esa aprel oyining birinchi yarmida sitrus ko‘chatlarini ko‘chirib o‘tkazish mumkin. Limon ko‘chatlarini issiqxona tuprog‘iga ko‘chirib o‘tkazish uchun uni yaxshilab tekislash va 50-60 sm chuqurlikda qazish kerak, har bir gektar yerga 60-80 tonna chirigan go‘ng, 600 kg superfosfor va 150 kg kaliyli o‘g‘itlar qo‘llaniladi. Sitrus ko‘chatlari sog‘lom va yaxshi rivojlangan bo‘lishi kerak. Tuproqqa ko‘chirishdan 10-12 kun oldin, issiqxona to‘liq namlanmaguncha sug‘orilishi kerak. Kuzda ekish uchun limon ko‘chati ildizga yopishgan tuproq bilan birga ko‘chirilishi kerak, aks holda ko‘chatning bir qismi qurib qolishi mumkin. Ko‘chirib o‘tkazish paytida butani va shikastlangan ildizlarni qalinlashtiradigan ortiqcha novdalarni kesib tashlash kerak. Ko‘chatlar birinchi yilda bir-biridan 1 m oraliqda ketma-ket ekilishi va bir yildan keyin barcha ortiqcha ko‘chatlar qazib olinishi zarur. Limon terisi sarg‘aygan yoki meva diametri taxminan 5-6 sm bo‘lgan paytdan kechiktirmay yig‘ib olinishi kerak. Quruq kunlarda meva terishning hojati yo‘q. Issiq kunlarda terilgan mevalar tezda chirishi mumkin. Limonlarni qutida tashishda mevalar o‘z shaklini yo‘qotmasligi uchun kuchli silkitmaslik darkor. Limon yetishtirishda ozuqa moddalarining yetishmasligi belgilariAzot yoki fosfor yetishmasligida daraxtning barglari och yashil yoki sariq-yashil rangga kiradi, o‘sishi sekinlashadi va hosil kamayadi. Kaliy yetishmovchiligi esa mevalar kichik bo‘lib, terisi nozik va juda silliq shaklga kiradi. Kalsiy yetishmasligida daraxt o‘sishi sekinlashadi va hosil kamayadi. Temir yetishmasligida – birinchi navbatda yosh barglar, keyin qolgan barglarda xloroz paydo bo‘ladi, barglar och yashil rangga kiradi, sarg‘ayadi va barg tomirlari quyuq yashil rang kasb etadi. Asta-sekin ildiz tizimi yomonlashadi. Marganes yetishmovchiligida barglarning tomirlari yashil bo‘lib qoladi, ammo ular orasida to‘qimalarda sarv dog‘lari hosil bo‘ladi. Molibden yetishmovchiligida barglar och sariq rangga kiradi, ikkala tomonning tomirlari o‘rtasida katta dog‘lar paydo bo‘ladi. Mevalar kichik, qattiq bo‘lib qoladi, terisi qalinlashadi, yorilib ketadi, shaklini yo‘qotadi. Oltingugurt yetishmasligi kamdan-kam uchraydi, uning yetishmasligi belgilari azot yetishmasligi bilan bir xil, ammo uning alomatlari faqat yosh barglada seziladi. Sink yetishmasligida yosh barglarda xloroz shakllanadi, tomirlar orasiga tarqaladi, barglar kichik va och yashil rangga kiradi. Sinkning surunkali yetishmovchiligi shoxlarning o‘lishiga olib keladi. Yuqoridagi elementlar yetishmasligini oldini olish, shuningdek, ularning yetishmasligini davolash uchun tuproqning kislotaliligini tartibga solish va yetishmayotgan elementlarni qo‘shish kerak yoki barglarga maxsus eritmalar purkaladi.
Salomatlik uchun foydasi
Ikki osh qoshiq limon sharbati insonning C vitaminiga bo‘lgan kunlik ehtiyojining yarmini qoplaydi. U o‘z navbatida immunitetni mustahkamlaydi, organizmni virus va bakteriyalardan himoya qiladi, yara bitishini tezlashtiradi, qarish jarayonini sekinlashtiradi, toksinlarni tozalaydi, gormonlar sintezini yaxshilaydi, qon bosimini pasaytiradi. Limon ham tetiklashtiradi, charchoq va uyquchanlikni ketkazadi, ko‘ngil aynishi bilan kurashadi, ichak harakatini yaxshilaydi, avitaminozda vitamin va minerallarning yetishmasligi o‘rnini to‘ldiradi. Limon teriga kosmetik oqartiruvchi ta’sir ko‘rsatadi, uni faollashtiradi va yog‘ bezlarini tartibga soladi. Limonning foydali jihatlari yana quyidagilardan iborat: insult xavfini kamaytiradi; saraton kasalligining oldini oladi; yuz rangini yaxshilaydi; astmani profilaktika qiladi; temirning yaxshi singishini ta’minlaydi. Bitta limon mevasida taxminan 2% shakar, 6-8% turli kislotalar (asosan limon kislotasi), 1% dan ortiq pektin, 0,5% ga yaqin turli mineral tuzlar, 60-90 mg C vitamini, shuningdek, A, V1, V2, PP vitaminlari mavjud.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: