Butun dunyo agrarchilari sug‘urtachilar xizmatidan foydalanadi va shu orqali o‘z xo‘jaliklarini zararlardan himoya qiladi va asraydi. Biroq bu xizmat fermerlarimiz orasida bir qator sabablarga ko‘ra xali ommalashmagan. Ushbu segmentda faoliyat yurituvchi sug‘urta kompaniyalarining o‘zi ham qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash jarayoniga istar-istamas aralashadilar. Buning bir qancha sabablari bor. Agrar soha vakillarining qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash xizmatlaridan foydalanishiga nimalar to‘sqinlik qilayotganini “O‘zagrosug‘urta” AJ qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Vahobov bilan birgalikda muhokama qildik.
Aytingchi, bugungi kunda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sug‘urta bozori qanday ahvolda?
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi yuqori xavf darajasi o‘simlikshunoslik va chorvachilikda kuzatiladi. Bu yerda ishlab chiqarish natijalari bevosita ob-havo va iqlim sharoitiga bog‘liq va ular korxonalar hamda qishloq aholisining moliyaviy-iqtisodiy holatiga ta’sir qiladi. Bu esa agrosanoat ishlab chiqarishiga yirik sarmoyalarni jalb qilishni qiyinlashtirmoqda.
Bu yerda kafolatlangan sug‘urta himoyasining mavjudligi juda muhim omil sanaladi. U qishloq xo‘jaligi korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, qishloqlarda bandlik va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar ichki tartibda ishlab chiqilgan va Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tmagan mahalliy hujjatlar asosida faoliyat yuritmoqda. Qishloq xo‘jaligida sug‘urta sohasini tartibga soluvchi yagona asosiy huquqiy hujjat mavjud emas.
“O‘zagrosug‘urta” AJning qishloq xo‘jaligi sohasidagi sug‘urta faoliyati qanday qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi?
Hozirgi kunda qishloq xo‘jaligi sohasidagi sug‘urta faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qonun hujjatlari quyidagilardir:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 25-fevraldagi PF-1713-sonli “O‘zagrosug‘urta” davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasini tashkil qilish to‘g‘risida”gi Farmoni;
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-martdagi 125-son “O‘zagrosug‘urta” davlat-aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi qarori;
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 -yil 17- iyundagi 505-son “ Paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarining bo‘lg‘usi hosilini sug‘urtalash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarori;
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 30-sentyabrdagi 830-son “Aholi xonadonlarida va chorvachilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatadigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sug‘urta qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori;
– “O‘zagrosug‘urta” (AJ) sug‘urta kompaniyasining mahalliy hujjatlari.
Ammo shuni ta’kidlashni istardimki, amaldagi qonunchilik bazasi faqat qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining ayrim turlarini amalga oshirish tartibiga tegishli.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari qanday xavf-xatarlarga duch kelishi mumkin?
Ishlab chiqarish xatari. Ayniqsa, o‘simlikshunoslikda keng tarqalgan. Uni alohida ekinlarning hosildorlik darajasiga ko‘ra baholash mumkin. Ishlab chiqarish xatari darajasi odatda statistik ko‘rsatkichlar bilan o‘lchanadi va hosilning o‘rtacha belgisidan chetlanish darajasi bilan tavsiflanadi.
Narx yoki bozor xatari. So‘nggi o‘n yillikda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari narxlarning sezilarli o‘zgarishi bilan bog‘liq vaziyatga asta-sekin moslashdilar. Shunga qaramay, narxlarning o‘zgarishi qishloq xo‘jaligida jiddiy xatar manbai hisoblanadi.
Institutsional xatar. U iqtisodiy siyosatda, qishloq xo‘jaligini huquqiy tartibga solishda, davlatning agrar siyosatida o‘zgarishlar yuz berganda paydo bo‘ladi.
Moliyaviy xatar. Korxonaning kapitalini shakllantirish va to‘plash usuli hamda moliyalashtirilishi bilan bog‘liq. Bu holda xatar zayom kapitali bo‘yicha kredit stavkalarining o‘zgarishi, aksioner kapitalining hajmi va likvidlikning yetarli emasligi bilan bog‘liq.
Shaxsiy xatar (inson omili). Bunda korxonaning xo‘jalik faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kasallik, xo‘jalik rahbarining mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotishi kabi baxtsiz hodisalarning yuzaga kelish ehtimoli nazarda tutiladi.
Ushbu beshta asosiy xavfga qo‘shimcha ravishda shartnoma majburiyatlarining bajarilmaslik xatari, shuningdek, mulkiy xavf kabi turlarni aytib o‘tish mumkin.
Mahalliy agrar soha vakillari uchun agrosug‘urtaning eng ommabop turi qaysi?
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish sohasi yuqori darajadagi xatarlar, tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar bilan ajralib turadi. Qurg‘oqchilik, do‘l yog‘ishi, toshqin kelishi kabi tabiiy ofatlar jiddiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining eng ommabop yo‘nalishi – bu paxta xomashyosi va g‘alla ekinlari hosilining yetishmasligi xataridan sug‘urta qilish hisoblanadi. Sug‘urta mukofotlarining 90 foizi ushbu turdagi xatarga to‘g‘ri keladi.
Har yili respublika bo‘ylab qishloq xo‘jaligi ekinlarini ixtiyoriy sug‘urta qilish bo‘yicha katta hajmdagi shartnomalar tuziladi. Ammo ularning atigi 10-15 foizi kuchga kiradi.
Fermerlarimizni sug‘urta qilishiga nima to‘sqinlik qilmoqda?
Ekinlarni sug‘urtalash bo‘yicha beriladigan summaning shartnomada ko‘rsatilgan summadan 20 foizdan oshmasligi holati ko‘p kuzatiladi. Bu esa tabiiy ofatlardan yetkazilgan zararni qoplashda sug‘urta rolining sezilarli darajada pasayishiga olib keladi.
Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalashning o‘ziga xos xususiyati mijozlarning butun mamlakat bo‘ylab tarqalgani bilan xarakterlanadi, bu katta ma’muriy va ishlab chiqarish xarajatlariga olib keladi, qamrovning past darajada ekani esa sug‘urta mukofoti tizimida ma’muriy xarajatlar ulushini minimallashtirishga to‘sqinlik qiladi. Sug‘urta kompaniyalari bu xarajatlarni sug‘urtaning boshqa turlaridan olingan daromadlar hisobiga qoplashga majbur. Bu sug‘urtachilar uchun manfaatli emas.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasida zarar yetkazish ehtimoli sug‘urtaning boshqa tarmoqlariga qaraganda bir necha baravar yuqori. Kapitallashuvning hozirgi darajasida esa bu davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mavjud bo‘lmasa, respublikadagi fermer xo‘jaliklarining hosilini 20-30% qoplashga olib kelishi mumkin. Bu o‘z navbatida zaxiralar yetishmasligi sababli sug‘urta kompaniyasining bankrot bo‘lishi sari yetaklaydi. Ko‘pgina mamlakatlarda tabiiy ofatlar sodir bo‘lganda qishloq xo‘jaligining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ta’minlanadi. O‘zbekiston Respublikasida “Qishloq xo‘jaligidagi xatarlarni sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hukumat muhokamasiga kiritildi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasi samaradorligini oshirish uchun ham fermerlar, ham sug‘urtachilar manfaatlarini himoya qiluvchi optimal sug‘urta modeli zarur.
Boshqa mamlakatlarda qishloq xo‘jaligi sohasida sug‘urta masalasi qanday hal qilinmoqda?
Ko‘pgina mamlakatlarda davlat siyosati tabiiy ofatlar sodir bo‘lganda qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Bunday ofatlar oqibatlarini qoplash sxemalari kompensatsiya mablag‘larini sug‘urta sektoriga yo‘naltirishni ko‘zda tutadi. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida sug‘urta infratuzilmasining mavjud bo‘lishi davlatning oziq-ovqat mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha strategik siyosatni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, sug‘urta himoyasining mavjudligi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli loyihalarga mablag‘ jalb etilishini rag‘batlantiradi, fermerlarning tabiiy ofatlarga bog‘liqligini kamaytiradi, ularning daromadlarini barqarorlashtiradi, aholi bandligi va ijtimoiy himoyasini ta’minlaydi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini sug‘urtalashning qaysi shakli eng maqbul hisoblanadi?
Xorijiy va mahalliy tajriba shuni ko‘rsatadiki, sug‘urta mukofotini subsidiyalash orqali davlat ko‘magini amalga oshirish halokatli yo‘qotishlar yuz berganda ishtirokchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat yordami ko‘rsatishdan ko‘ra samaraliroq hisoblanadi va shu orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining daromadlari saqlab qolinadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: