So‘nggi paytlarda butun dunyoda organik mahsulotlar, organik dehqonchilik kabi atamalar ommalashib bormoqda. Organik qishloq xo‘jaligi deganda o‘zi nima nazarda tutiladi? Organik meva-sabzavotlarni yetishtirish agrotexnologiyasi, amalda keng qo‘llanilayotgan anʼanaviy agrotexnologiyadan foydalanib yetishtirilgan mahsulotlardan nimasi bilan farq qiladi?
Ayni paytda har qanday mamlakat aholisining 80-90 foizida salomatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha meʼyordan og‘ish kuzatiladi. Buning muhim sabablaridan biri – yuzaga kelgan ovqatlanish tizimi hisoblanadi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga mansub, shuningdek sog‘lom ovqatlanish tarziga rioya qilmaydigan insonlarda ko‘plab vitaminlar, mineral tuzlar, antioksidantlar va boshqa biologik faol moddalar yetishmasligi aniqlanmoqda.
Millat salomatligi insonning ovqatlanishi va isteʼmol qilayotgan mahsulot sifati va xavfsizlik ko‘rsatkichlari meʼyorlariga bog‘liqligi hisobga olingan holda, aholining sog‘lom ovqatlanishini taʼminlashga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratiladi. Mamlakatimizda ushbu yo‘nalish bo‘yicha joriy yilning aprel oyida qabul qilingan “Organik mahsulotlar to‘g‘risida”gi Qonun doirasida tartibga solinadi.
Ekologik omillar
Organik mahsulotlar ishlab chiqarishda avvalo iqlim, tuproq, relyef sharoiti hamda suv taʼminoti singari omillar inobatga olinadi. Ekologik sharoitlarga bog‘liq ravishda toza mahsulot yetishtirish sug‘oriladigan, lalmi, sizot suvlari yer yuzasiga yaqin joylashgan, sho‘rlangan, eroziyaga moyil yerlarda amalga oshiriladi.
Organik mahsulot ishlab chiqarishda tuproq sog‘lom, uning tabiiy unumdorligi yuqori (ball bonniteti 60 dan ko‘p) bo‘lishi kerak, tuproq zichligi, g‘ovakligi, gumus, mikroorganizmlar, organik moddalar miqdori kabilarga qator talablar qo‘yiladi.
Organik mahsulotlar yetishtirishda suvga qo‘yiladigan talablar
O‘zbekistonda suv sifatini integral baholash uchun suv ifloslanishi indeksidan (SII) foydalaniladi. Respublikamizda qabul qilingan tasniflashga ko‘ra, yer usti suv obyektlari 7 toifaga bo‘linadi:
Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda 1-3 toifadagi suvlardan foydalanish tavsiya qilinadi.
Mineral o‘g‘itlar taʼsiri
Qadimda yer juda hosildor, turli minerallar, o‘g‘itlarga boy bo‘lgan. So‘nggi paytlarda tabiiy minerallar bilan to‘yingan yerlarni topish muammoli masala. Eng boy va to‘yingan yerlar vulqonlarga yaqin joylashgan, dengiz tubidagi yerlar hisoblanadi.
Yerni boyitish maqsadida meneral o‘g‘itlar meʼyoridan ortiqcha solinganda, ularning asosiy qismi o‘simliklar bilan o‘zlashtiriladi, qolgan qismi esa tuproqda ekinlar o‘zlashtira olmaydigan shaklda to‘planib qoladi. Nitrat va fosfat tuzlari shakliga o‘tadi. Ular suv taʼsirida asta-sekin erib, yerning chuqur qatlamlarigacha (12 m gacha) suv bilan yetib borib, sizot suvlariga qo‘shiladi va ularni ifloslantiradi. Yerga fosforli o‘g‘itlar berilganda faqat fosfat tuzlari sifatida to‘planmasdan, balki og‘ir metallar ham to‘planishiga olib keladi.
Yillar davomida kimyoviy moddalarni meʼyoridan oshiq qo‘llash oqibatida tuproq zaharli moddalarga to‘yinib boradi, tuproqdan o‘simlik ildizi orqali butun organlariga tarqaladi va o‘simlikning hosili tarkibida belgilangan meʼyorlardan yuqori miqdorda saqlanadi. Ushbu zaharli kimyoviy moddalar o‘simliklarga va boshqa barcha tirik organizmlarga o‘zining salbiy taʼsirini ko‘rsatadi.
Shu bois ham organik dehqonchilikda turli kimyoviy moddalar qo‘llanilishi taqiqlanadi. Buning o‘rniga toza, tabiiy o‘g‘itlar (go‘ng, somon, kompostlar, siderat ekinlar va boshqa organik mahsulotlar)dan foydalaniladi.
Almashlab va navbatlab ekish
Organik mahsulotlar ishlab chiqarishga maxsus ekologik omillar hisobga olingan holda yerdan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirib borishga eʼtibor qaratiladi. Jumladan:
Siderat o‘g‘itlardan foydalanish
Organik dehqonchilikda dukkakli-don ekinlari maxsus ekilib, yetishtiriladi va yerga siderat o‘g‘it sifatida to‘shaladi.
Siderat o‘g‘itlarning afzalliklari shundaki:
Siderat o‘g‘itlari sifatida beda, soya, loviya kabilardan keng foydalaniladi.
Urug‘lik tizimi. Organik mahsulotlar ishlab chiqarishda urug‘chilik tizimi katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham yetishtiriladigan har bir ekinning urug‘i yuqori navli va sifatli bo‘lishini taʼminlash zarur.
Umuman olganda, organik dexqonchilik – bu dehqonchilikni tabiiy jarayonlar asosida yuritishdir. Bunga ekin maydonlarini ko‘proq organik o‘g‘itlar solish, shudgorlashni o‘tmishdosh ekin va ekin turlariga bog‘liq holda amalga oshirish, ko‘kat o‘g‘itlaridan keng foydalanish, tuproqning mexanik-fizik xossalarini oshirish, (chuqur yumshatish, tuproq qatlamlari bo‘yicha har xil chuqurlikka organik moddalar solish, kelib chiqishi manbasi organik chiqindilardan tashkil topgan yashil o‘g‘itlar bilan yer ustini mulchalash), ekinlarni sug‘orishda ilmiy asoslangan sug‘orish tartiblaridan foydalanish, sug‘orish usullari va elementlarini to‘g‘ri tanlash, tuproqda foydali mikroorganizmlarni ko‘paytirish kabilar kiradi.
Yurtimizda bu yo‘nalish nisbatan yangi bo‘lishiga qaramay, istiqbollidir. Rivojlangan davlatlarda bunday mahsulotlar anʼanaviy agrotexnologiyadan foydalanib yetishtirilgan mahsulotlarga nisbatan qimmatroq narxlarda sotilishini inobatga olsak, bu yo‘nalishda faoliyat yuritishga qaror qilgan agrar soha vakillari daromadlarini sezilarli darajada oshirish imkoniga ega bo‘lishadi.
Bu qiziq! Rivojlangan davlatlarda hatto organik ekinlarni himoyalashga mo‘ljallangan maxsus texnika vositalari mavjud. Masalan, fermerlar ekin nihol chiqargunga qadar begona o‘tlarni yoqib yuboruvchi yoki bosim ostidagi havo bilan ularni joyidan uchirib yuboruvchi mashinadan faol ravishda foydalanishmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: