Patisson qovoqchali sabzavot ekinlariga kirib, ularning 2-4 kunlik yosh meva (tuguncha)lari sirkalash uchun, yetilmagan mevalari oshxonalarda va konserva sanoatida qo‘llaniladi, yetilgan yirik mevalari esa chorva mollariga shirali ozuqa sifatida beriladi.
Mamlakatimizda patisson asosan dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida yetishtiriladi. 2022-yili ushbu korxonalar tomonidan respublika bo‘yicha 34 gektar maydonga patisson ekilgan bo‘lib, jami 512 tonna hosil olish prognoz qilinmoqda.
Patisson – qovoqdoshlar oilasiga, qattiq etli qovoqlar guruhiga mansub bir yillik o‘simlik. Ildizi yaxshi rivojlangan. Poyasi va barg bandlari nisbatan yo‘g‘on. Barglari o‘rtacha kattalikda, dag‘al, 3 yoki 5 qirrali bo‘ladi. Gullari yirik, rangi sariq, poyalarda yakka-yakka joylashadi. Mevasi — qovoqcha, mayda, shakli yulduzsimon. Yangi tukkan mevalari rangi och yashil, katta bo‘lgan sari rangi oqarib, ayrim mevalar yuzasida och yashil dog‘lar yoki tasmalar paydo bo‘lishi mumkin. Ularning 6-8 kunlik mevasi isteʼmol qilinadi.
Issiqtalab o‘simlik. Patisson aprel oyida qator va tup oralig‘i 70×70 yoki 80×80 sm sxemada ekiladi. O‘suv davrida qator oralari yumshatiladi, oziqlantiriladi va sug‘oriladi. Suvga talabchan. Urug‘ sarfi – 3-4 kg/ga. Meva tarkibida 6,0—6,5% quruq modda, 2,5-2,9% qand va vitaminlar mavjud. Urug‘ida moy va santanin bor.
Patisson uchun eng yaxshi o‘tmishdosh ekin bu g‘alla, karam, sabzi, makkajo‘xori va sholi hisoblanadi.
Ekish muddatlari: Janubiy viloyatlarda 1-20 aprel, markaziy viloyatlarda 20-30 aprel, shimoliy viloyatlarda 1-15 may oralig‘ida ekiladi.
O‘g‘itlash: Go‘ng 20-30 t/ga, azot 200 kg/ga, fosfor 150 kg/ga, kaliy 50 kg/ga.
Sug‘orish: O‘suv davrida 12-16 marta sug‘oriladi. Sug‘orish meʼyori 500-600 m3/ga.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda patissonning 2 ta, yaʼni “Beliye-13” va “Zar Kokil” navlari yetishtiriladi. Ushbu navlar mamlakatimiz hududida barcha viloyatlarda ekish uchun tavsiya qilingan.
Zar Kokil navi
Ertapishar nav, o‘suv davri 50-60 kun. Palagi kichik, deyarli kalta. Bargi yuraksimon, qirrali, yashil rangli. Mevasi yapaloq yulduzsimon, ko‘p bo‘lakchalar likopchasifat birlashgan, mayda, yashil rangli, biologik yetilganda sariq, vazni 25-30 g.
Hosildorligi: 6-7 t/ga. Oziq-ovqat, konserva va chorvachilikda foydalanish uchun yaroqli. Mamlakatimiz hududida barcha viloyatlarda ekish uchun tavsiya qilingan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: