27-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev paxtachilikdagi dolzarb vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu sanoat yo‘nalishi qishloq xo‘jaligida alohida o‘rin tutadi va aholi bandligini ta‘minlaydi. Shu bois, Prezident tashabbusi bilan paxtachilikda klaster tizimi joriy etildi va 350 ga yaqin yirik fabrika ishga tushirildi. Besh yil avval mamlakatimizda mahalliy paxta tolasining atigi 40 foizi qayta ishlanardi, bugungi kunda esa, bu ko‘rsatkich 100 foizni tashkil etmoqda.
Tadbirda so‘nggi yillardagi iqlim o‘zgarishi paxtachilik oldiga yangi vazifalar qo‘yayotgani ta‘kidlandi. Xususan, ushbu yoz mavsumida ilgari kuzatilmagan g‘ayritabiiy yuqori harorat kuzatildi. Kunduzi termometr 43 darajadan yuqorini ko‘rsatdi. Kechasi ham harorat belgilangan me‘yordan oshib ketdi.
“Bu har bir klaster, hokim va barchamiz uchun sinovdir. Hosilni saqlab qolishimiz kerak. Nima uchun buni aytyapman? Buning ortida qancha ish o‘rinlari, qancha eksport bor. Biz ilgari to‘qimachilik sohasida eksportni 9 milliard dollarga ko‘taramiz, deb aytgandik. Agar paxta hosildorligi oshmasa, olimlar bilan birga eng yuqori navli paxtani sotmasak, natija bo‘lmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda.
Bunday ob-havo sharoiti paxtachilik uchun favqulodda vaziyat hisoblanadi. Shuning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish va hosilni saqlab qolish zarur. Buning uchun urug‘larni yetishtirish, navlarni tanlash, o‘g‘itlash, sug‘orish va zararkunandalarga qarshi kurashishni ilmiy yondashuvlar asosida amalga oshirish kerak.
Yig‘ilishda innovatsion rivojlanish vaziri, paxtachilik bo‘yicha Kengash raisi Ibrohim Abdurahmonov kengash a‘zolari olimlar va mutaxassislar bilan birgalikda Quyichirchiq, Sayxunobod, Navbahor, Narpay, Vobkent va Qorako‘l tumanlariga chiqib, holatni o‘rganganini ma’lum qildi. Xususan, paxta dalalarida ko‘chat ekish zichligining me’yori 35-40% ga oshirilganligi aniqlandi. Ba‘zi dalalarda go‘zaning yuqori qismidagi hosili deyarli yo‘q, pastki qismida atigi 2-3 dona ko‘sak bor. Iqlim o‘zgarishi tufayli zararkunandalar va kasalliklar ham ko‘payib ketdi. Innovatsion rivojlanish vaziri 7 ta yo‘nalish bo‘yicha, jumladan, urug‘chilik yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqish, zararkunandalarga qarshi kurashish, hududlardagi iqlim sharoitiga moslab tomchilatib sug‘orishni amalga oshirish haqida takliflarini bildirdi.
“Iqlim o‘zgarishi kelajakda ham salbiy ta‘sir ko‘rsatishi mumkinligini hisobga olib, harakat qilishimiz kerak. Bu borada ilmiy yondashuv zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda shuningdek, paxta parvarishi va bunday vaziyatda hosildorlikni ta‘minlash bo‘yicha tavsiyalar va ko‘rsatmalar bildirildi. Barcha hududlarda ularni amalga oshirish uchun “dolzarb 30 kunlik” e’lon qilindi.
Davlatimiz rahbari bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevga, qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevga viloyat hokimlari va mutaxassislar bilan birgalikda ilmiy yechim va innovatsiyalarni tushuntirish uchun klasterlar va fermerlar dalalariga tashrif buyurishni topshirdi.
Prezident matbuot xizmati materiali asosida tayyorlandi
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: