Bugungi kunda jahonda eng ko‘p ishlab chiqarilgan hamda isteʼmol qilingan yog‘ soya yog‘i, yem-xashak sanoatida eng ko‘p qo‘llanilgan xomashyo esa soya kunjarasi hisoblanadi. Soya ildizlarida tuproqni havodagi erkin azot bilan taʼminlovchi Rhizobium Japonicum bakteriyasi bor.
Hozirgi kunda atrof-muhit ifloslanishining ortib borgani tufayli katta ahamiyat kasb etgan soya tuproq strukturasini yaxshilaydi. Chorva hayvonlari mahsuldorligini oshirishda soya mahsulotlari keng miqyosda qo‘llaniladi. Soya pichanida 22% oqsil bor. Yem-xashak sifatida soyaning shroti, kunjarasi, uni va ko‘katidan foydalaniladi. Soya kunjarasi tarkibida 38,7% protein, 5,5% moy mavjud. Soyaning ko‘kati qimmatli ozuqa hisoblanadi. Uning yuqori ozuqaviylik qiymati gullash va donning to‘lishish davriga to‘g‘ri keladi. Ko‘katida karotin, oqsil va kalsiy miqdori ancha ko‘p.
Muhim ozuqa manbai
Soya doni va urug‘i tarkibida katta miqdorda oqsil, yog‘ va vitaminlar mavjud. Urug‘ining tarkibida 18-24% yog‘, 35-45% oqsil, 30% uglevod va 5% mineral, ko‘p miqdorda vitamin va aminokislotalar mavjud.
Soya tuproqni azot bilan taʼminlovchi dukkakli ekinlardan hisoblansada, doni tarkibida yog‘ bo‘lganligi sababli moyli ekinlar guruhiga kiradi. “Moʻjiza o‘simlik” sifatida soya inson hamda hayvonlarning oziqlanishida hamda sanoatda katta ahamiyatga ega. Soyaning eng muhim xususiyati undan boshqa o‘simlik va hayvon ozuqa manbalariga qaraganda ko‘proq va arzonroq oqsil olish mumkin. Soya oqsili hayvon oqsiliga eng ko‘p o‘xshaydigan oqsil bo‘lib, biologik jihatdan ahamiyati juda baland. Shu sababdan soya yog‘siz uni asosan parranda va kichik uy hayvonlari (qo‘y, echki) sut va go‘shtli qoramollarning ratsionida oqsil manbai sifatida foydalaniladi. Shu bilan birga soya uni va butun soya inson isteʼmolida asosan Uzoq Sharq davlatlarida yuz yillardan buyon muhim ozuqaviy ekin hisoblanadi.
Soyaning tuzilishi. O‘simlik o‘q ildizli, asosiy qismi biroz yo‘g‘on, pastki qismi esa ingichkalashgan va ko‘p shoxli. Ildizining pastki qismi 150-200 sm gacha chuqurlikda bo‘lsada, ammo asosiy qismi tuproqning 50 sm gacha bo‘lgan qatlamida bo‘ladi. Ildizi o‘simlik donining shakllanish davrigacha davom etadi.
Soyaning poyasi 10-15 bo‘g‘imdan tarkib topgan bo‘lib, baʼzan tik ko‘rinishida o‘ssa, baʼzida yotib o‘sadi. Yashil rangli poyasida antotsin dog‘larini ko‘rish mumkin. O‘simlikning balandligi turiga, ekish muddatiga va yetishtirish texnoloigyasiga bog‘liq bo‘lib, 60 sm dan 150 sm gacha bo‘ladi.
O‘simlikning ertapishar navi past bo‘yli va kam bargli, kechpisharlari esa uzun va ko‘p bargli bo‘ladi. Agar soyaga yetarlicha havo va yorug‘lik yetishmasa, gullari to‘kilib ketib, hosil miqdori kamayadi.
Soyaning ekilishiga oid tavsiya. Dala kuzda 28-30 sm chuqurlikda plug bilan haydaladi. Bahorda o‘tkaziladigan boronalash tuproqdagi namlikni saqlash bilan birgalikda ekish oldidan tuproqni mayin, donador va zichligini meʼyorida bo‘lishiga olib keladi. Nihollarning bir tekis unib chiqishi hamda rivojlanishi uchun urug‘larni bir xil chuqurlik va namga ekish muhim ahamiyatga ega. Erta bahorda boronalash o‘tkazilgandan so‘ng ekin maydonining yuzasi tekis bo‘lsa, ekish oldidan molalash o‘tkazish yetarli bo‘ladi. Begona o‘tlar bilan zararlangan maydonlarda yassi kesuvchi ishchi organlar o‘rnatilgan holda chizelga tirkalgan boronalar bilan ko‘p yillik begona o‘tlar ildizlari tozalanadi. Chizel o‘tkazishda ishlov chuqurligi 13-15 sm, kultivatsiya o‘tkazilsa, 6-8 sm dan oshmasligi kerak.
Kuchli darajada ko‘p yillik begona o‘tlar bilan zararlangan maydonlarda, istisno tariqasida, ag‘dargichi olib tashlangan, orqasiga borona tirkalgan plug bilan 16-18 sm chuqurlikda yumshatish hisobiga ularni ildizlari tuproq yuzasiga chiqariladi va taroqlab tashlanadi. Mexanik tarkibi og‘ir bo‘lgan tuproqlarga chizel yordamida 15-17 sm gacha chuqurlikda ishlov beriladi. Bunda ham chizel orqasiga borona tirkalgan holda bo‘lishi talab etiladi.
O‘zbekistonda asosiy ekin sifatida soya ekishning maqbul muddatlari janubiy hududlarda 25-martdan 5-aprelgacha, markaziy hududlarda 1-apreldan 15-aprelgacha, shimoliy hududlarda esa 15-apreldan 25-aprelgacha bo‘lgan muddatlar hisoblanadi. Ertapishar navlarni may oyining o‘rtasigacha bo‘lgan muddatlarda ekish mumkin. Takroriy ekin sifatida ekish muddati iyun oyida kuzgi boshoqli don ekinlarining yig‘im-terimidan so‘ng amalga oshiriladi.
Unutmang, takroriy ekish muddatlarida ekilganda ertapishar navlardan tashqari ekish jarayoni aslo iyul oyiga qoldirilmasligi lozim. Ekishni iyul oyiga qoldirish hosilni kamaytirish bilan birga birinchi dukkak balandligini va o‘simlik bo‘yini pasaytiradi hamda hosil rivojlanishida kechikishga olib kelib quritish ishlarida ham qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin.
Takroriy ekin sifatida. Soya takroriy ekin sifatida kuzgi boshoqli don ekinlaridan so‘ng ekiladi. Takroriy soya yetishtirish uchun yer tayyorlash issiq vaqtga to‘g‘ri kelganligi va vaqtning qisqaligi sababli asosiyga nisbatan birmuncha murakkab hisoblanadi. Kuzgi donli ekinlar yig‘im-terimining iyun oyiga to‘g‘ri kelishi, yuqori havo haroratining tuproqqa negativ taʼsiriga qarshi tuproq ishlovining qisqa muddatlarda amalga oshirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ekish muddatlari tuproqning holati, namligi, navning biologik xususiyatlariga bog‘liq. Soya asosiy ekin sifatida tuproqning 10 sm gacha bo‘lgan qatlamida haroratning 12-13 C ga yetganida ekish maqbul hisoblanadi. Bahorgi begona o‘tlarning yoppasiga unib chiqishi ya’ni sug‘orilmaydigan yerlarda (lalmi) erta bahorgi o‘tlarning yalpi unib chiqishi (yovvoyi suli, yovvoyi turp, dala xantali, tog‘ pechagi) marjumagi va boshqalar), sug‘oriladigan yerlarda esa kech bahorgi o‘tlarning yalpi unib chiqishi (ituzum, yovvoyi tariq, ambroziya, itqo‘noq va boshqalar) soya ekish uchun maqbul muddat boshlanganligini bildiradi.
Sug‘orish. Ekinlarni sug‘orish ishlarini amalga oshirishda tuproqning mexanik tarkibi va sizot suvlarning sathini hisobga olish lozim. Hududning iqlim sharoitlariga bog‘liq holda sug‘orish meʼyori 700 dan 4500 m3 /ga bo‘lishi mumkin. O‘sish davridagi sug‘orishlarning aniq meʼyori va muddati namligi barqaror bo‘lmagan mintaqalarda yarim metr qatlamdagi, qurg‘oqchil mintaqalarda esa 70 sm qatlamdagi tuproq namligini o‘lchash bilan belgilanadi. Namlik yetishmaydigan mintaqalarda tuproqning yuqorigi unumdor qatlamini muqobil namlikda ushlash va ekin maydoni mikroiqlimini yaxshilash uchun kichik meʼyorda (300-400 m3/ga) tez-tez sug‘orib turish lozim. Soya rivojlanishining gullash va dukkak hosil davrida suvga bo‘lgan talabi yuqori bo‘ladi. Shu sababli sug‘orish vaqtini kechiktirmaslik lozim. Soya barglarning qisqarishi va xiralashishi sug‘orish muddati kelganligini bildiradi. Sug‘orishlar don to‘lishishidan so‘ng to‘xtatiladi. Sug‘orishni erta yakunlash hosilni kamaytiradi, kechiktirish esa vegetatsiya davrining uzayishiga sabab bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: