18-21-iyul kunlari Toshkent viloyatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida professional trenerlarni tayyorlash maqsadida “Trenerlar uchun trening” o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, hamkor tashkilotlar, jumladan, soha oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirok etishdi. Mashg‘ulotlar FAO/GEFning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) loyihasini amalga oshirish doirasida tashkil etildi.
“Maqsadimiz – kelajakda yaxshi murabbiy bo‘ladigan yosh olim, tadqiqotchi va o‘qituvchilar salohiyatini oshirish. Biz ishtirokchilarga qishloq xo‘jaligi sohasida treninglar o‘tkazish, maqsadli auditoriya bilan ishlashning o‘ziga xos xususiyatlari haqida gapirib berdik, shuningdek, norasmiy ta’lim tamoyillari va usullarini o‘zlashtirishlariga yordam berdik”, – deya taʼkidlab o‘tdi CACILM-2 loyihasining milliy menejeri Muxammadjon Qosimov.
Trening davomida ishtirokchilar interfaol o‘qitish usullarini ko‘rib chiqdilar, treninglarga tayyorgarlik ko‘rishning turli usullarini o‘rgandilar, rasmiy va norasmiy ta’lim o‘rtasidagi farqni muhokama qildilar. Mashg‘ulotlar nazariy va amaliy qismlardan iborat bo‘lib, unda ishtirokchilar notiqlik mahorati va boshqa o‘zlashtirilgan usullarni mashq qildilar. Trening natijasida ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining ehtiyojlarini mustaqil aniqlash, murabbiylik yondashuvidan foydalangan holda maxsus o‘quv modullarini ishlab chiqish va tashkil etishni o‘rgandilar.
Shuningdek, 22-iyul kuni loyiha doirasida Toshkent shahrida yerdan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari vakillarining yer munosabatlari, yerga egalik qilish va boshqarish masalalari bo‘yicha bilimlarini oshirish maqsadida o‘tkazildi. Treningda qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanishning huquqiy asoslari, O‘zbekistonda yerdan foydalanishning meʼyoriy-huquqiy asoslari, yer tuzishning tashkiliy tuzilmasi, yerga egalik qilish shakllari, shuningdek, yerdan foydalanishning tuproq unumdorligiga taʼsiri kabi mavzularda maʼruzalar va taqdimotlar tinglandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: