Respublika qishloq xo‘jaligi sohasida klasterlar va ularning imkoniyatlari borgan sari ortmoqda. Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida joylashgan va faoliyatini boshlaganiga qariyb 5 yil bo‘layotgan “Bek cluster” MCHJ bugungi kunga kelib, ko‘pgina yutuqlarga erishdi. Bugun ana shu yutuqlarning ayrimlariga to‘xtalamiz.
Tashkil etilishi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-sentyabrdagi PQ-3279-sonli “Sirdaryo viloyatida zamonaviy paxta-to‘qimachilik klasterlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida “Bek cluster” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxonasi faoliyatini boshladi. Eʼtiborlisi, ushbu klasterga meliorativ holati og‘ir, ball boniteti past bo‘lgan 18000 gektar yer maydoni ajratildi. Ammo bugun unda yetishtirilgan mo‘l hosil va ko‘plab ishchilarning ish bilan taʼminlanganligi klasterga bildirilgan ishonch bejizga emasligini ko‘rsatdi.
Zamonaviylik va qulaylik. Bugungi klasterlarni zamonaviy texnika-texnologiyalarsiz tasavvur etish qiyin. “Bek cluster” MCHJda ham 2017-2022-yillarda jami 5000 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Jumladan, 2018-yilda umumiy qiymati 198 mlrd so‘m bo‘lgan gidroponika issiqxonasi ishga tushirildi. Yillik quvvati 4960 tonna sabzavot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan issiqxonada 500 nafar ishchining bandligi taʼminlandi.
Shuningdek, korxonaning 70 gektar maydonida intensiv uzum bog‘lari tashkil etilgan bo‘lib, 74 nafar ishchi tokzorlar parvarishi va hosilni yig‘ishtirish bilan shug‘ullanmoqda.
Darvoqe, klaster tizimida 2019-yilda paxtani dastlabki qayta ishlash korxonasi ochildi. Umumiy qiymati 32 mlrd so‘mni tashkil etgan korxonada 250 nafar ishchi faoliyat olib bormoqda.
Mavjud qishloq xo‘jaligi texnikalaridan unumli foydalanish va ish koeffitsiyentini oshirish maqsadida raqamli texnologiyalar joriy qilingan. Jumladan, Kropio-telematika dasturi texnikalarni masofadan turib nazorat qilish, yo‘naltirish, bajarilgan ish hajmi, sarflangan yoqilg‘i miqdori va boshqa ko‘rsatkichlarni istalgan vaqtda olish, Kropio-agro dasturi esa ekinlar rivojini sputnik orqali monitoring qilish va zarur agrotexnik tadbirlarni belgilash imkonini beradi.
Xodimlarning ishga kelib ketishini elektron ro‘yxatga olish tizimini takomillashtirish maqsadida Verifiks, tizim tashkilotlari bilan xat almashishni yo‘lga qo‘yish esa Bitriks dasturlari orqali amalga oshirilmoqda.
Zamonaviy texnologiyalar. Klasterlar muvaqqaqiyatli faoliyat olib borishi, avvalo undagi texnika-texnologiyalarning zamonaviyligiga eʼtibor qaratish lozim. “Bek cluster” MCHJ tashkil etilgach, AQSH, Germaniya, Angliya, Rossiya, Turkiya va Xitoy davlatlaridan umumiy qiymati 282 mlrd 648 mln so‘mlik 1317 ta har xil rusumdagi texnika va agregatlar sotib olindi. Jumladan, haydov traktorlari (126 ta), chopiq traktorlari (110 ta), kultivatorlar (110 ta), chigit ekish seyalkalari (68 ta), lazerli yer tekislagichlar (42 ta), traktor tirkamalari (263 ta), transport traktorlari (60 ta), purkagichlar (74 ta), paxta terish mashinalari (52 ta), g‘alla o‘rish kombaynlari (12 ta), boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari (224 ta) klaster ixtiyoriga topshirildi. Rossiya Federatsiyasidan 21 ta K-744 chuqur yumshatgich traktorlari va Turkiya davlatidan lazerli yer tekislash uskunalari keltirilib, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashda foydalanilmoqda. Jumladan, bugungacha 10508 gektar maydonda chuqur yumshatish, 555 gektar maydonda lazer yordamida yerlarni tekislash ishlari amalga oshirildi. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida Janubiy Koreya davlatidan 4 dona zanjirli, 2 dona g‘ildirakli, 5 dona kichik ekskavatorlar olib kelinib, ishga qo‘yildi. Irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarida taʼmirlash-tiklash, qurilish ishlarida foydalanish uchun 3 dona avtokran, 2 dona avtotrеyler, 1 dona buldozer, lotok tashuvchi avtomobillar harid qilindi.
Ochiq zovurlar qurilishi. Klasterda yetishtirilayotgan mahsulotlarni o‘z vaqtida unib chiqishidan tortib, hosilga kirgunigacha bo‘lgan davrda ularni suv bilan taʼminlash muhim omil sanaladi. Shu bois ham uning balansidagi sug‘oriladigan yerlarni meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 897 km ochiq va yopiq-yotiq zovur tarmoqlarida taʼmirlash-tiklash, 792 km yangi ochiq zovurlar qurish ishlari amalga oshirildi. Suv taʼminotini yaxshilash maqsadida 1740 dona yig‘ma temir-beton ariq (lotok)lar almashtirildi. 32 km yer o‘zanli ariqlar beton kanalga aylantirildi. Undan tashqari, 7290 gektar maydonda suv taʼminotini yaxshilash maqsadida 250 dona turli rusumdagi suv nasoslari o‘rnatildi.
Tuproq tahlillari. Ekinni o‘ziga mos tuproqda, yer maydoniga ekish uning to‘kis va beshikast unib chiqishi uchun zamin yaratadi. Klaster qoshida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish maqsadida “O‘simlik maxsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyalari ilmiy-amaliy markazi” tashkil etildi. Bunda har bir konturdan tuproq tahlillari o‘tkazildi. Tahlil natijalariga asosan, mahalliy sharoitga mos, yuqori hosilli va sifati kafolatlangan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari tanlab olindi. Bundan tashqari, yangi innovatsion texnologiyalar (2300 gektar g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari, bargidan oziqlantirish) keng joriy qilindi va navlarning boshlang‘ich urug‘chiligi yo‘lga qo‘yildi. Natijada 2017-yilda paxtadan gektariga 11,2 sentnerdan hosil olingan bo‘lsa, 2021-yilga kelib bu ko‘rsatkich 40,1 sentnerga yetdi.
Kuzgi g‘alladan esa 2017-yilda har gektaridan olingan hosil 16,6 sentnerni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda hosil gektariga 65,0 sentnerni tashkil etdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: